9 Noyabr 2024 yil 3724

Ichki ishlar vazir oʻrinbosari general-mayor Bekmurod Abdullayev raisligida joriy yilning 10 oy yakunlariga bagʻishlangan hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazir oʻrinbosari general-mayor Bekmurod Abdullayev raisligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda oʻtgan 10 oy mobaynida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasini taʼminlash, jamoat tartibi va fuqarolarning osoyishtaligini saqlash hamda yoʻl harakati xavfsizligi borasida olib borilgan tadbirlar tanqidiy muhokama qilindi.

Yigʻilishda sohaviy xizmatlar, shahar-tuman IIB boshliqlari hamda boʻlim-boʻlinma rahbarlari ishtirok etdi.

Vazir oʻrinbosari tomonidan Jamoat xavfsizligi xizmatining moddiy texnikasini rivojlantirish, xizmat sifatini oshirish, xodimlarning ijtimoiy himoyasi borasida Prezident farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari yetarlicha mavjudligi, endi faqatgina Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish talab etilishi haqida maʼruza qilindi.

General-mayor Bekmurod Abdullayev tomonidan jinoyatlar salmogʻi oshgan hududlari muhokama qilindi.

Hududlarda sodir boʻlayotgan jinoyatlarni oldini olishga masʼul boʻlgan profilaktika inspektorlari hamda mahalla yettiligi faoliyati tanqidiy muhokama qilindi va kelgusida amalga oshirilishi kerak boʻlgan vazifalar belgilab berildi.

Xotin-qizlar bilan bogʻliq jinoyatlar, qotillik, badanga qasddan shikast yetkazish kabi jinoyatlarning oldini olish borasida ishlar yetarlicha bajarilmayotgani, bu borada ishlar samaradorligini oshirish, muqaddam sudlanganlarga ijtimoiy yordam koʻrsatish, mulkiy turdagi jinoyatlar profilaktikasini kuchaytirishga masʼul boʻlgan boshqarma boshliqlariga alohida topshiriqlar berildi.

Yigʻilish davomida yoʻl harakati xavfsizligi doirasida amalga oshirilgan ishlar ham tahliliy muhokama qilinib, har bir tuman-shahar miqyosida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisalari, yoʻl infratuzilmasidagi kamchiliklar, qoʻpol qoidabuzarliklarga qarshi keskin choralar koʻrish, avariya oʻchoqlarida xavfsiz harakatni taʼminlash, tirbandliklarni oldini olish borasida aniq reja ishlab chiqib, bu boradagi muammolarni yechish yuzasidan topshiriqlar berildi. Aholini yoʻlda harakatlanish madaniyatini oshirish, YPX xodimlarining fuqarolar bilan munosabatini yaxshilash, “Mahallabay-kvadrat” kesimida joylarda tezlik oqibatida sodir boʻlayotgan ayanchli hodisalarning muhokama yigʻilishlarini oʻtkazish boʻyicha vazifalar belgilab berildi.

IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Axborot xizmati

Text to speech