Guliston shahar Taraqqiyot mahallasida sodir etilgan jinoyatlar yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Sanjar Djabarov huzurida mahalla faollari ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.
Bugun mamlakatimizda jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash, aholining kunlik ijtimoiy-maishiy muammolarini “oilabay” va “fuqarobay” hal etish bo‘yicha yangicha ishlash tizimi yaratildi. Natijada sektor rahbarlari tomonidan fuqarolarning kundalik va maishiy muammolari joyida hal etilib, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinmoqda.
Biroq fuqarolarga davlatimiz tomonidan yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlarga qaramay ular tomonidan turli huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etish holatlari yuz bermoqda. Guliston shahrida sodir etilgan og‘ir turdagi jinoyat muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, Guliston shahar hokimligi, prokuratura vakillari va shahardagi sektor rahbarlari, “Taraqqiyot” mahallasi yettiligi va fuqarolar ishtirok etishdi.
Muhokama chog‘ida jinoyatning kelib chiqish sabablari va sharoiti haqida so‘z yuritildi. Bu kabi ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish uchun har bir mahallada ishlarni jadallashtirish lozimligi, har bir rahbar loqaydlik va beparvolikka berilmay o‘z xizmat vazifasini masʼuliyat bilan bajarish kerakligi alohida taʼkidlandi. Mahalladagi yettilik hududda kelib chiqayotgan muammo va turli nizolarni vaqtida o‘rganib, ularni bartaraf etishga masʼul ekanligi va boshqa masalalar yuzasidan tanqidiy fikrlar bildirildi.
Jinoyatlar sayoq yurish, beparvolik, ichkilikka berilish bilan kun kechirish tufayli sabab bo‘lgani tanqid ostiga olindi. Kunora mahallada kim nima ish bilan mashg‘ulligini faollar yaxshi bilgani, lekin menga tegma, men senga qabilida yashash tarzida davom etish mudhish jinoyatlarni yuzaga kelishiga sabab bo‘lgani tanqid ostiga olindi.
Ishtirokchilarga sodir etilgan har bir jinoyatning kelib chiqish sabablari va sodir etilishiga imkon yaratib bergan shart-sharoitlar atroflicha muhokamalarda tushuntirildi. Bunda jinoyatlar va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar va boshqa mutasaddi muassasalarning o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyatga egaligi alohida taʼkidlanib, masʼullar zimmasiga aniq vazifalar yuklandi.
Aytish kerakki, so‘ngi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori ijrosi doirasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar hamda muassasalar ishtirokida jinoyatlarning sabablarini o‘rganish, ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish masalalarini joyiga chiqqan holda “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi joriy etilgan. Bu amaliyot avvalo hududdagi kriminogen vaziyatni yaxshilash va nuroniylar, keng jamoatchilik vakillarining ogohligi daxldorligini oshirishda ayni muddao sanalmoqda. Eʼtiborli jihati xalq bilan bo‘layotgan muloqotlar jarayonida jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha aholi vakillarining ham takliflar tashabbuslari o‘rtaga tashlanmoqda.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati