Yangi Fuqarolik kodeksda ayirboshlash va hadya bo‘yicha qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan Prezidentimizning 2019 yil 5 apreldagi farmoyishi bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi asosida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Loyihaga ayirboshlash va hadya qilish bilan bog‘liq yangi normalar kiritilmoqda.
Ayirboshlash bo‘yicha kiritilayotgan o‘zgartirishlar
Amaldagi Fuqarolik kodeksining 497-moddasida avtomototransport vositalari bo‘yicha tuziladigan ayirboshlash shartnomasining alohida tartibi belgilagan. Yaʼni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan avtomototransport vositalarini ayirboshlash shartnomasi notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Avtotransport vositasi oddiy harakatlanuvchi ashyo, yaʼni ko‘char mol-mulk hisoblanadi hamda unga nisbatan umumiy qoidalar (umumiy normalar) qo‘llanilishi kerak. Ayniqsa, avtomototransport vositasini ayirboshlash shartnomasining notarial tasdiqlanishi nafaqat qo‘shimcha harajatlarni keltirib chiqaradi, balki mazkur shartnomani davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni murakkablashtiradi. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 31 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomning 8 bandiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tkazish harakatlarini amalga oshirishda, shuningdek, notarius tomonidan bitimlarning tasdiqlanishidan oldin ko‘rikdan o‘tkazilishida avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlaridagi maʼlumotlar YHXDX organlari tomonidan olib qochilgan va o‘g‘irlangan avtomototransport vositalari bo‘yicha maʼlumotlar bazasi bilan taqqoslanadi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq avtomototransport vositasi boshqa shaxsga o‘tkazilishiga taqiq yoki xatlovning mavjudligi yuzasidan tekshiriladi. Ko‘rinib turibdiki, notarius davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vaqtida amalga oshiriladigan bir xil vazifani bajarmoqda. Shartnomani notarial tasdiqlash avtomototransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishdagi maʼmuriy cheklov bo‘lib, ortiqcha ovoragarchilikka sabab bo‘ladi.
Xorijiy mamlakatlarda (Germaniya, Fransiya, Niderlandiya, Yaponiya, Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Gruziya va boshqalar) avtotransport vositalari bilan shartnomalarni notarial tasdiqlash talab etilmaydi. Shundan kelib chiqib, avtotransport vositalarini ayirboshlash shartnomalarini tartibga solish qoidalarini mazkur moddadan chiqarib tashlash taklif etilmoqda.
Ayirboshlash shartnomasi yuridik mohiyatiga ko‘ra oldi-sotdi shartnomasiga juda yaqin. Shu sababli, oldi-sotdi to‘g‘risidagi umumiy qoidalar ayirboshlash shartnomasiga nisbatan tadbiq etiladi. Xorijiy mamlakatlarning fuqarolik kodekslarida, xususan, GFRning Fuqarolik kodeksi 480-moddasida, Niderlandiya Fuqarolik kodeksi 7:50-moddasida, Ispaniya Fuqarolik kodeksi 1541-moddalarida, Fransiya Fuqarolik kodeksi 1707-moddasida ayirboshlash shartnomasi bo‘yicha alohida belgilangan normalardan tashqari boshqa barcha yuzaga kelgan holatlar oldi-sotdi shartnomasidagi umumiy normalar asosida hal etilishi belgilangan. Amaldagi Kodeksning yuqorida nazarda tutilgan huquqiy normalari yuqoridagi davlatlarning, shuningdek, Koreya, Yaponiya kabi davlatlarning Fuqarolik kodekslarining tegishli boblarida mavjud emas. 501-modda, yaʼni ayirboshlash shartnomasi bo‘yicha olingan tovarlarni olib qo‘yganlik uchun javobgarlik masalasi mazkur davlatlardan faqat Fransiya Fuqarolik kodeksi VII bobida, Ispaniya Furaqolik kodeksi 1540-moddasida belgilangan bo‘lib, amaldagi Fuqarolik kodeksidan butunlay farq qiluvchi normalar mavjud. Mazkur davlatlardagi boy tajribadan foydalangan holda, shuningdek, taraflarning shartnoma tuzish erkinligini kengaytirish maqsadida mazkur moddalar yangi tahrirdagi Kodeks loyihasidan chiqarib tashlash taklif etilgan.
Maʼlumot uchun: 2019 yil davomida ayirboshlash bo‘yicha barcha Iqtisodiy sudlarning birinchi instansiyasida jami 4 ta ish ko‘rilgan. Shulardan 3 tasida daʼvo qanoatlantirilgan.
Hadya shartnomasiga oid o‘zgartirishlar: yangi hadya modeli
Yangi tahrirdagi Kodeks loyihasida shartnoma tushunchasi taʼrifidagi ashyo, mulkiy huquq, mulkiy majburiyatlar o‘rniga qisqacha “mol-mulk” so‘zi qo‘llanilishi taklif etilgan. Bunda, avvalo, hadya shartnomasining tushunchasi soddalashtirilib, quyidagi tahrirda bayon etildi: “Hadya shartnomasiga muvofiq bir taraf (hadya qiluvchi) mol-mulkni boshqa taraf (hadya oluvchi)ga uning ruxsati bilan tekinga mulk qilib beradi”. Shuningdek, mol-mulk hadya shartnomasining predmeti sifatida ko‘plab rivojlangan xorijiy davlatlar, jumladan, GFR, Niderlandiya, Gruziya, Koreya, Yaponiya Fuqarolik kodekslarida nazarda tutilgan.
Yangi hadya modeli
Hadya etishni vaʼda qilish konsensual (kelishuv) shartnomaning xususiyati hisoblanadi. Konsensual shartnomalar huquq va majburiyatlar taraflarning kelishuvlari asosida qonun talab qilgan shaklda rasmiylashtirganlari zahoti tuzilgan hisoblanadi hamda ashyoni kelishuv tuzilgan vaqtni o‘zida berishni talab qilmaydi. Boshqacha qilib aytganda, biron bir ashyoni yoki mulk huquqini kimgadir tekinga berish yoki uni mulkiy majburiyatdan ozod qilish vaʼdasi hadya shartnomasi deb tan olinmaydi. Hadya predmeti hadya shartnomasi tuzilgan zahoti berilishi lozim. Taraflarning hadya predmetini kelajakda berishga kelishganligi yuridik kuchga ega emas. Shu sababli, yangi tahrirdagi Kodeksning loyihasida kelajakda ashyolarni topshirishni nazarda tutadigan hadya usulini istisno qilish taklif etilgan.
Rivojlangan davlatlarning bu boradagi xorijiy tajribasi shuni ko‘rsatadiki, GFRning Fuqarolik kodeksi 518-moddasiga ko‘ra, bajarilishi hadya sifatida vaʼda qilingan shartnoma amal qilishi uchun, notarial tasdiqlanishi talab etiladi. Ispaniyaning Fuqarolik kodeksi 632-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra hadya shartnomasi og‘zaki tuzilganda, hadya bir vaqtning o‘zida berilishi lozim va ushbu talabning mavjud emasligi og‘zaki shartnomaning tuzilmagan hisoblanishiga sabab bo‘ladi. Janubiy Koreyaning Fuqarolik kodeksi 555-moddasida ham hadya og‘zaki vaʼda qilish bilan tuzilmasligi belgilangan. Hadyani vaʼda qilish hadya etishdan ko‘zlangan maqsadga ziddir. Shu sababli, yuqoridagi davlatlar qonunlarida hadyani vaʼda qilishni hadya shartnomasi sifatida qabul qilishmagan. Xorijiy tajribaga asoslangan holda, yangi hadya shartnomasi modelini joriy etish maqsadida yangi tahrirdagi Kodeks loyihasidan hadya etishni vaʼda qilish bilan bog‘liq 502-moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlari chiqarib tashlangan.
Xuddi shu tartib, yaʼni hadyani vaʼda qilish 506-modda birinchi qismi, shuningdek, 510-modda birinchi va ikkinchi qismlarida ham belgilangan. Hadya vaʼda qilinganida huquqiy vorislik masalasi normasida ham kelajakda mol-mulkni topshirishni nazarda tutilgan. Yangi tahrirdagi Kodeks loyihasida mazkur normani chiqarib tashlash hamda mazkur masalalarni taraflarning erkin kelishuvi bilan hal etish taklif etilmoqda.
GFR, Gruziya, Ispaniya, Janubiy Koreya Fuqarolik kodekslarining hadya bobida hadya shartnomasiga qo‘yilgan alohida talablar mavjud emas, shu sababli ushbu munosabatlar ko‘proq shartnoma yoki bitimlar uchun belgilangan umumiy qoidalar bilan tartibga solinadi. Hadya shartnomasiga qo‘yilgan talablarni soddalashtirish, fuqarolik huquqi institutlariga taalluqli bo‘lmagan ommaviy huquq normalari, va shartnomaviy munosabatlariga oid asoslanmagan miqdordagi cheklovlarni bekor qilish maqsadida yuqorida keltirilgan xorij tajribasi asosida ushbu modda chiqarib tashlash taklif etilmoqda.
Yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasida agar mol-mulkni hadya qilish hadya qiluvchining tirikchilik manbaidan mahrum qilsa, masala qanday tartibga solinishi alohida belgilanib, quyidagicha ifodalangan: “Agar mol-mulk hadya qilish hadya qiluvchining yoki uning qaramog‘idagi shaxslarning tirikchilik manbaidan mahrum qilsa, shaxs mol-mulkni hadya qilishga haqli emas”. Mazkur norma bilan hadya qiluvchining huquqlarini cheklash ko‘zda tutilmagan. Aksincha, hadya qiluvchining noto‘g‘ri qarori tufayli uning qaramog‘idagi shaxslarning yashash sharoitini yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadi ko‘zlangan. Yaʼni oila boshlig‘i o‘z oilasining tirikchilik manbai bo‘lgan obyektlar, jumladan, transport vositasi, uy hayvonlari yoki ko‘chmas mulk obyektlarini o‘z xohishi bilan hadya qilishi taqiqlangan. Mazkur o‘zgartirish orqali hadya shartnomasi natijasida jabr ko‘rgan oila aʼzolari hadya shartnomasi bo‘yicha sud tartibida nizolashishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, bu o‘zgartirish aslida oldi-sotdi shartnomasi bo‘lgan bitimni hadya shartnomasi sifatida rasmiylashtirishning oldini olishga ham xizmat qiladi. Bunday norma Gruziya Fuqarolik kodeksining 526-moddasida ham mavjud.
Kiritilayotgan o‘zgartirishlardan kutilayotgan natija qanday?
Yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasining ayirboshlash hamda hadya boblariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazkur boblardagi fuqarolik huquqi institutlariga taalluqli bo‘lmagan ommaviy huquq normalari, xususiy mulk va shartnomaviy munosabatlariga oid asoslanmagan miqdordagi cheklovlarni, shuningdek, iqtisodiyotni boshqarishda maʼmuriy-buyruqbozlik tamoyillariga asoslangan, o‘z ahamiyatini yo‘qotgan va eskirib qolgan qoidalarni chiqarib tashlashga, bundan tashqari, bitimlar institutini takomillashtirish, hadya shartnomaviy-huquqiy munosabatlarining sifat jihatdan yangi mexanizmlarini joriy qilish, shu jumladan ayirboshlash hamda hadya shartnoma turlarini optimallashtirish, ushbu shartnomalarni tuzish erkinligini kengaytirishga yordam beradi.
Zafar Ergashev,
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligihuzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti masʼul xodimi