IIV Sirdaryo akademik litseyida yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik jarayonlari mustaqillik bayrami shukuhida qizgʻin ketmoqda
Yurtimizda joriy etilgan karantin holati taʼlim tizimiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmadi, barcha taʼlim muassasalari taʼlimni masofaviy shaklga oʻtkazganligi pedagoglarimizdan yangi innovatsion pedagogik texnologiyalarni oʻzlashtirishni talab qildi.
Akademik litseyning navbatdagi pedagogik kengashi oʻtgan oʻquv yilida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar muhokamasiga bagʻishlandi. Mehnat jamoasidan kelib tushgan takliflarga koʻra litseyning informatika fani oʻqituvchilari tomonidan masofaviy taʼlim jarayonlarida eng koʻp qoʻllaniladigan internet dasturlari, masofaviy oʻquv ilovalari va mesendjerlardan professional foydalanishni oʻzlashtirish maqsadida litseyda qisqa muddatli master klasslar tashkil etildi.
Shuningdek, mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligini munosib nishonlash, litsey oʻquvchilarida ona Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat tuygʻularini mustahkamlash, ularning ijodkorlik va izlanuvchanlik qobiliyatlarini yana-da oshirish maqsadida “Sen-qudrat manbayi, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim”- shiori ostida insho, sheʼr, qoʻshiq, videorolik va rasmlar yoʻnalishlari boʻyicha onlayn tanlov eʼlon qilinib, hozirda tanlov komissiyasi tomonidan ijod namunalari qabul qilinmoqda. Tanlov yakuni boʻyicha gʻoliblarga diplom va esdalik sovgʻalari topshiriladi.
Mustaqillik bayrami shukuhida oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlar akademik litsey mehnat jamoasida maʼnaviy ruhiy muhitni yana-da mustahkamlash, oʻquvchilarda esa yangi oʻquv yilini yangicha zavq bilan boshlash imkonini bermoqda.