O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori ijrosini taʼminlash hamda Viloyat hududida keng tatbiq etish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarma boshlig‘i polkovnik Sanjar Djabarov huzurida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvar kunidagi PQ-1-sonli “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat Ichki ishlar boshqarmasining hamda shahar-tuman IIBlar mas’ul rahbarlari ishtirok etdi.
Dastlab mas’ullar tomonidan yig‘ilish ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori ijrosini viloyat hududida joriy etish va ta’minlash yuzasidan mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda yangicha yondashuvlar asosida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimini tashkil etish bo‘yicha ishlab chiqilgan «Yo‘l xaritasi» yetkazildi.
Yig‘ilish so‘ngida boshqarma boshlig‘i tomonidan 2024 yilda viloyat hududida sodir etilgan jinoyatlar tanqidiy muhokama qilinib, viloyat hududida xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida har bir mahallada kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda jinoyatlarni barvaqt profilaktika qilishning mahallalar kesimida choraklik manzilli chora-tadbirlarini belgilagan holda mahalla — tuman — viloyat darajasida uning ijrosi uchun bevosita mas’ul rahbarlar biriktirildi.