15 Yanvar 2022 yil 375

Yurt tinchligi, el osoyishtaligini taʼminlash Ichki ishlar organlari xodimlariga katta masʼuliyat yuklaydi.

Yurt tinchligi, el osoyishtaligini taʼminlash Ichki ishlar organlari xodimlariga katta masʼuliyat yuklaydi. Bugungi kunda Sirdaryo viloyati hududida namunali jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatlarni issiq izida aniqlash, muqaddam sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish, muqaddam jinoyat sodir etib tergov idoralaridan qochib yurgan qidiruvdagi shaxslarni ushlash borasida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi shaxsiy tarkibi tomonidan “Xavfsiz hudud”, “Tun”, “Tig‘”, Tozalash-Antiterror va boshqa ko‘plab profilaktik tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi xodimlari xizmat faoliyatini bevosita ko‘cha va jamoat joylarida piyoda, moto va avtopatrullarda patrullikni amalga oshirib, jamoat tartibini saqlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, huquqbuzarlik sodir etgan yoki shubha uyg‘otgan fuqarolar hududiy Ichki ishlar bo‘limlariga olib kelinib, ularning barmoq izlari olinib, shulardan maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib kelinmoqda.

Shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda samaradorlikka erishish maqsadida sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning sodir etilish vaqti va joyi doimiy ravishda tahlil qilinib va shu asosida kriminogen hudud deb topilgan mahallalarda patrullik yo‘nalishlari belgilanib, belgilangan patrullik yo‘nalishlariga zaruriy kuch va vositalar ajratilib kelinmoqda.

Tungi vaqtlarda, ko‘cha va jamoat joylarida jamoat tartibini namunali saqlash maqsadida, avtopatrullik yo‘nalishlariga qo‘shimcha ravishda, transport vositalari harakatlanishi cheklangan va zich joylashgan ko‘p qavatli uylarning yo‘laklarida harakatlanishi uchun motopatrullik yo‘nalishlari tashkil etilib kelinmoqda.

Viloyatimiz hududida jamoat tartibini saqlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish maqsadida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining sohaviy xizmatlari, mahalliy hokimliklar hamda o‘zini-o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda mahallalarda davra suhbatlari tashkil etilib kelinmoqda. Tashkil etilgan davra suhbatlarida fuqarolarga “Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmasligi kerak”, “Mahallamni jinoyatdan holi hududga aylantiraman” shiorlari asosida barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib harakatlanishimiz lozimligi bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda.

Ko‘cha va jamoat joylarida jamoat tartibini saqlash fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, nafaqat Ichki ishlar organlari xodimlari, balki fuqarolarimizning ham burchidir.

Hurmatli viloyatimiz fuqarolari o‘zingiz va yaqinlaringizning moddiy mol mulklarini asrashda o‘z hissangizni qo‘shib, jinoyatchilikni oldini olishda Ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikni yana-da mustahkamlang.

O‘zingizni ehtiyot qiling.

Sirdaryo viloyati IIB PPX va JTSB

Text to speech