10 Iyun 2022 yil 278

Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat kengashi 35 sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6257-son Farmoni ijrosi toʻgʻrisida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Shuhrat Husanovich Boʻronovning axboroti eshitildi. 

Oltinchi chaqiriq Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat kengashi 35 sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi toʻgʻrisida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Shuhrat Husanovich Boʻronovning axboroti eshitildi.

Taʼkidlandiki, soʻnggi vaqtda xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratish borasida jamiyatimizning barcha sohalarida shu bilan bir qatorda Ichki ishlar organlarida ham izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, korrupsiyaga qarshi-kurashish sohasida tizimli ishlar amalga oshirilib, ushbu salbiy illatni bartaraf etishda murosasizlik muhitini yaratish hozirgi kunning eng dolzarb masalalaridan biri boʻlib qolmoqda.

Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashishning ilgʻor xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish boʻyicha izchil choralar koʻrilib, ichki ishlar organlari faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni taʼminlash hamda mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini yoʻlga qoʻyish orqali davlat boshqaruvida samarali va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalangan holda transport vositalariga davlat raqami belgilarini berish, notarial va boshqa davlat xizmatlarini koʻrsatish, yer uchastkalarini ajratish, yoʻl harakati qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish kabi koʻplab sohalarda korrupsiya va suiisteʼmolchiliklarning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar joriy etilmoqda. Achinarlisi, barcha koʻrilayotgan tizimli choralarga qaramasdan ayrim sohalarda hanuzgacha korrupsiya holatlari saqlanib qolinmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, ushbu jarayonga jamoatchilikni keng jalb etish va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish muhitini shakllantirish maqsadida davlatimiz rahbarining 2021-yil 06-iyuldagi PF-6257-son Farmoni qabul qilinganligi bejiz emas.

Shu oʻrinda Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida xizmat intizomi va korrupsion holatlarni oldini olish maqsadida, 2022-yil 19-fevral kuni “Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida xizmat intizomini buzish va korrupsion holatlarni oldini olish boʻyicha ishchi guruh tuzish toʻgʻrisida” tegishli buyruq ishlab chiqilgan. Mazkur buyruq bilan Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasining “Korrupsiyasiz hudud” maqsadli dasturi tasdiqlanganligi va dasturga muvofiq har bir sohaviy xizmat rahbarlari vertikal tarzda ishchi guruh rahbari etib tayinlanganligi hamda ularga xodimlar oʻrtasida xizmat intizomi buzilishini hamda korrutsiyaviy omillarni oldini olish va unga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha maqsadli vazifalar yuklatilib, bevosita javobgarligi belgilanganligi deputatlarga maʼlumotlar sifatida keltirib oʻtildi.

Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi oʻz axborotida Ichki ishlar vazirligining joriy yil 3-martdagi 56-sonli buyrugʻi asosida, viloyat Ichki ishlar boshqarmasining “Ichki ishlar organlarida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish hamda korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 46-sonli buyrugʻi ishlab chiqilganligi hamda Ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat faoliyati bilan bogʻliq holatlarda pora taklif qilgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora koʻrish yuzasidan bevosita rahbarlariga yoki shaxsiy xavfsizlik xizmati xodimlariga murojaat qilgan xodimlar pul mukofotlari, idoraviy koʻkrak nishonlari hamda navbatdan tashqari unvonlar bilan taqdirlanib kelinayotganligini taʼkidlab oʻtdi.

Sessiyada Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi oʻz axborotida shaxsiy manfaatlarini davlat manfaatlaridan ustun qoʻymagan 6 nafar ichki ishlar xodimlari jami 27.000.000 (yigirma yetti million) soʻm miqdorida pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirilganligiga maʼlumot oʻrnida keltirib oʻtdi.

Albatta insonlarning kundalik turmushdagi muammolari bilan birinchi galda ichki ishlar organlari xodimlari yuzlashadi. Shunday ekan bugun har tomonlama malakali va yetuk bilimli kadrlarni har tomonlama qoʻllab -quvvatlash masalalarida olib borilayotgan ishlar zamon talabiga mos ravishda boʻlmogʻi lozim. Shundan kelib chiqib viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Shuhrat Boʻronov sohada xizmat qilayotgan xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalariga haqida deputatlarga batafsil maʼlumotlar berib oʻtdi.

Oltinchi chaqiriq Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat kengashi 35 sessiyasida Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi oʻz axborotida ichki ishlar idoralari safida xizmat qilib kelayotgan xodimlarni ijtimoiy himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi. Sirdaryo viloyat IIB rahbari keltirib oʻtgan maʼlumotlarga koʻra

yashash sharoiti ogʻir boʻlgan 7 nafar xodimlarga 142 million soʻm miqdorida foizsiz qarzlar berilgan, uy-joyga muhtoj boʻlgan bir nafar xodim Sirdaryo viloyati IIBga qarashli xizmat uyi bilan taʼminlangan, 119 xodimlarga esa ijarada turganlik uchun 500 million kompensatsiya pullari toʻlab berilgan , 14 nafar xodimga toʻy sababli 64 million 231 ming soʻm, yaqin qarindoshlarini dafn marosimlari uchun 3 nafar xodimga 26 million 123 ming soʻm, oʻzi va farzandini hamda ota-onasini davolatish uchun murojaat qilgan 8 nafar xodimlarga kasallik turlari va darajasiga qarab 38 million soʻm miqdorida moddiy yordam koʻrsatilgan.

Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlarni bu kabi ijtimoiy qoʻllab -quvvatlash kelgusida yurtimizda korrupsion holatlarni bartaraf etishga hamda ushbu salbiy illatga qarshi munosib kurashishga koʻmak berishi shubhasiz.

Text to speech