9 Aprel 2022 yil 276

O‘zbekiston Respublikasi IIV Sirdaryo akademik litseyida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Sirdaryo akademik litseyiga 2022-2023 o‘quv yili uchun nomzodlarni sifatli tanlash maqsadida viloyatdagi umumtaʼlim maktablarida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Akademik litsey o‘qituvchilari hamda joylardagi masʼul xodimlar tomonidan viloyatda joylashgan umumtaʼlim maktablarining 9-sinf o‘quvchilari o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilishi bilan bir qatorda, mazkur maktab o‘quvchilari akademik litseyga taklif etilmoqda. Ularni litseyda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida 2022 yilning 07 aprel kuni IIV Sirdaryo akademik litseyida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi. Tadbirga Sirdaryo tumanidagi 13 va 15-sonli umumtaʼlim maktab o‘quvchilari va pedagoglari taklif etildi.

Maktablardan taklif etilgan pedagog va o‘quvchilar akademik litseyda o‘quvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar, fan va sport to‘garaklari faoliyati, o‘quvchilarga taʼlim berayotgan o‘qituvchilarning pedagogik mahorati, o‘quvchilarning taʼlim sohasidagi va sportda erishgan yutuqlari, litsey bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalarida o‘qishni davom ettirish darajasi bilan yaqindan tanishtirildi.

Tadbir davomida pedagoglar va maktab o‘quvchilari litseyda o‘quvchilarning sifatli taʼlim olishi uchun tayyorlangan maxsus fanlar sinfxonalari, sport zali, kutubxona hamda to‘garaklar faoliyati bilan tanishtirilib, ularga o‘qish istagini bildirganlar uchun hujjatlarni rasmiylashtirish, tanlovlarni o‘tkazish tartibi, zaruriy hujjatlar va qabul muddatlari haqida to‘liq maʼlumotlar berildi. 

Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilari akademik litsey o‘quvchilari tomonidan Amir Temur tavalludining 686 yilligiga bag‘ishlab tayyorlangan “Kuch-adolatdadir” maʼnaviy-maʼrifiy tadbirida ishtirok etib, sahna ko‘rinishlari va bilimlar bellashuvlarini maroq bilan tomosha qilishdi.

Uchrashuvda maktab o‘quvchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga yetarli javoblarni olishdi.

Text to speech