18 Iyul 2025 yil 153

“Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” munosabati bilan Sirdaryo viloyatida profilaktik yoʻnalishdagi turli chora-tadbirlar amalga oshirildi

Tadbir viloyat prokurori va Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi rahbarligida oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilish bilan boshlandi. Yigʻilishda joriy yilning oʻtgan davridagi jinoyatchilik holati tahlil qilinib, jamiyatda xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Profilaktika kuni doirasida maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning qilmishlari onlayn sayyor sudlarda koʻrib chiqildi. Bundan tashqari viloyatning barcha tuman va shaharlarida profilaktika inspektorlari, xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektorlari hamda mahalla otinoyilari bilan hamkorligida mahallalarda «uyma-uy» yurishlar tashkil etildi. Jinoyat sodir etishga moyil shaxslar, profilaktik roʻyxatda turgan fuqarolar, muhtoj oilalar holati oʻrganilib, ular bilan manzilli suhbatlar olib borildi. Shuningdek, huquqbuzarliklarga moyil boʻlgan yoshlar bilan psixologik va huquqiy maslahatlar tashkil etildi.

Shuningdek, Qoʻriqlash boʻlimi va uning quyi tizimlari tomonidan mahallalarda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida joylarda bir qator tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Sirdaryo viloyati IIOlari probatsiya xizmati xodimlari tashabbusi bilan joylarda mehnat yarmarkalari va sayyor sud majlislari tashkil etildi. Shuningdek, hisobda turuvchi shaxslar hamda ish izlayotgan fuqarolar uchun turli sohalarda boʻsh ish oʻrinlari taklif qilinib, ularning faol mehnat bozoriga qoʻshilishiga koʻmaklashildi.

Sirdaryo viloyati IIB JXX JTSB xodimlari tomonidan hududlarda targʻibot tadbirlari tashkil etildi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Sirdaryo viloyatida “Payshanba – profilaktika kuni” faqatgina yakka chora-tadbir emas, balki aholi bilan samarali muloqot, jinoyatchilikka qarshi keng qamrovli harakatlar tizimining muhim bir boʻgʻini hisoblanadi. Bunday tashabbuslar orqali jamiyatda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech