10 Dekabr 2022 yil 208

“Ulug‘ xalqning mangu qo‘shig‘i”. Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining 30 yilligiga” bag‘ishlab o‘tkazildi.

Davlatimiz madhiyasi kelajagimiz egalarida ona Vatanga mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama yetuk va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishishida muhim tarbiyaviy vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu boisdan ham milliy timsolimiz mamlakatimiz mustaqilligi, xalqimiz ozodligi, davlatimizning buyuk kelajagi haqida kuylaydigan, farovon jamiyat qurilishi yo‘lida fidokorona mehnat qilishga undaydigan umrboqiy qo‘shiqdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 aprel kunidagi 5050-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi” hamda Ichki ishlar Vazirining 2021 yil 21 oktyabr kunidagi “Ichki ishlar organlari maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 400-son buyrug‘i asosida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazib kelinayotgan navbatdagi “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining 30 yilligiga” bag‘ishlab o‘tkazildi.

Ushbu “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsi Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan Davlatimiz madhiyasini ijro etish bilan boshlandi.

Shundan so‘ng “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsiga taklif etilgan Guliston davlat universiteti professori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Maxmudov Ravshanbek Jalilovich tomonidan xodimlarga O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov hamda O‘zbekiston xalq artisti, taniqli bastakor Mutal Burxonovning ijod mahsuli bo‘lgan boqiy qo‘shig‘imizda boy tariximiz, milliy anʼana va qadriyatlarimiz, tinchlik-osoyishtaligimiz, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular tarannum etilganligi, shuningdek, Davlat madhiyasining qabul qilinish tarixi to‘g‘risida maʼlumotlar berib o‘tildi.

Tashkil etilgan bu kabi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar har bir xodimni vataniga, xalqiga, va oilasiga bo‘lgan sadoqatini yana-da mustahkamlab, “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burch” ekanligini his qilgan holda halol xizmat olib borishini taʼminlaydi.

Sirdaryo viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati.

Text to speech