5 Mart 2022 yil 621

Tezkor! Sirdaryodagi manzil koloniyada jazo o‘tayotgan shaxs tomonidan tuzilgan ekstremistik “virtual guruh” faoliyatiga chek qo‘yildi. 

O‘zbekiston Respublikasi DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha Boshqarmasi va viloyat Ichki ishlar Boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida, 2018 yilda “Tavhid va Jihod Katibasi” xalqaro terroristik tashkilotiga aʼzoligi uchun 6 yilga ozodlikdan mahrum etilib, 2020 yildan buyon Guliston tumanidagi manzil koloniyada jazo o‘tayotgan, 1991 yilda tug‘ilgan “P.S.” o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmasdan, internet ijtimoiy tarmoqlari orqali pinhona ravishda boshqa mahkumlarga va ozodlikdagi tanishlariga ekstremistik va aqidaparastlik ruhidagi materiallarni tarqatib kelganligi aniqlangan.

Xususan, ushbu mahkum, respublikaning turli viloyatlaridagi jazoni ijro etish manzil koloniyalarida saqlanayotgan 20 nafar mahkum va 11 nafar ozodlikda yurgan fuqarolar bilan aloqada bo‘lib, buzg‘unchi g‘oyalar targ‘iboti va kelajakda Suriyadagi jangarilar safiga chiqib ketishni muhokama qilib kelganlar.

Joriy yilning 28 fevral - 1 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi DXX-IIV va hududiy Boshqarmalari hamkorligida Prokuror sanksiyasiga asosan, yuqorida taʼkidlangan 31 nafar fuqarolarning jazoni o‘tash va yashash manzillarida tezkor-tergov harakatlari amalga oshirildi.

Aniqlangan ashyoviy dalillar va elektron tashuvchi moslamalarda saqlangan materiallarda aqidaparastlik g‘oyalari mavjudligi xususida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din Ishlari bo‘yicha Qo‘mitasidan olingan ekspertlik xulosasiga binoan, Sirdaryo viloyat IIB TB tomonidan JKning 244 prim 1-moddasi 3-qismi “a,G” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

 Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech