6 Avgust 2021 yil 718

Testga kirishda abituriyentlarning yuz ko‘rinishi pasport tizimi bilan solishtiriladi

Bu yil oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlarida abituriyentlarning yuz ko‘rinishi avtomatlashtirilgan ma’lumotlar bazasi bilan solishtirish orqali ham nazoratdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda Sirdaryo viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ruslan Zabirov ma’lum qildi.

Nazorat o‘tkazish punktlarida Ichki ishlar boshqarmasiga ajratilgan maxsus planshet qurilmalaridan foydalangan holda abituriyentlarni shaxsini aniqlash, yuz ko‘rinishini ularning biografik ma’lumotlari bilan solishtirish choralari ko‘rilmoqda. Abituriyentlarning boshqa shaxslar o‘rniga test sinovlarida ishtirok etish holatlari aniqlanganda abituriyent o‘rniga imtihon topshirishga kelgan shaxslarga qonunchiligimizda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.

Test sinovlari o‘tkaziladigan ob’ektlar va ularning atrof-hududida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash bilan birgalikda Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati xodimlari tomonidan shubha tug‘dirgan abituriyentlarni yuzni tanib olish uchun mo‘ljallangan maxsus planshet qurilmalari yordamida yuz ko‘rinishi orqali shaxsini aniqlash mexanizmi ishlab chiqilgan. Ushbu planshet qurilmalari IIVning "Pasport-viza” avtomatlashtirilgan ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyalashtirilgan bo‘lib, fuqarolarning yuz ko‘rinishi orqali ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlaridagi barcha ma’lumotlari asosida shaxsni aniqlash qobiliyatiga ega.

Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Yoshlar imtihondan o‘tish uchun emas, bilimli mutaxassis bo‘lish uchun o‘qishi lozim” degan so‘zlari fikrimizga yaqqol misol bo‘la oladi. Bu tizim test sinovlari o‘tkazishda oshkoralik va shaffofligini ta’minlash – kirish imtihonlar o‘tadigan oliy ta’lim muassasalari hududida begona shaxslar hozir bo‘lishining oldini oladi.

Eslatib o‘tamiz, bu yilgi test sinovlari ochiq maydonlarda 5 avgustdan boshlangan.

Text to speech