Tergov faoliyatida amaliy koʻnikmalarni mustahkamlashga qaratilgan oʻquv-seminar tashkil etildi
Sirdaryo viloyati prokuraturasida yosh mutaxassis tergovchilarning kasbiy mahoratini oshirish maqsadida oʻquv-amaliy seminar mashgʻuloti oʻtkazildi. Seminarda prokuratura, departament, ichki ishlar va boshqa masʼul idoralar vakillari ishtirok etib, oʻzaro tajriba almashishdi. Kun tartibida tergov jarayonida dalillarni toʻgʻri toʻplash, rasmiylashtirish va isbot qilishning umumiy shartlari, ishtirokchilarning roli, dalillarni bayonnomalarda qayd etishda amaliy muammolar va ularning yechimlari kabi masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, jinoyatlarning obyektiv va subyektiv tomonlarini aniqlash, mahalla yettiligi harakatlariga huquqiy baho berish, jinoyat sodir etgan shaxslarning ijtimoiy holatini oʻrganish, ularga ishga joylashish, oʻqish, tibbiy xizmat kabi sohalarda amaliy yordam koʻrsatish orqali takroriy jinoyatlarning oldini olish mexanizmlari boʻyicha amaliy tavsiyalar berildi.
Seminar davomida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va amaliyotda duch kelayotgan muammolar yuzasidan fikr almashdilar.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati