21 Sentyabr 2021 yil 944

Taʼlim muassasalarida reyd tadbirlari amalga oshirilmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 03 aprel kunidagi 5050-son qaroriga muvofiq Ichki ishlar vazirligi va Xalq ta’limi vazirligining «Xavfsiz ta’lim muassasasi» tamoyili asosida voyaga etmaganlar orasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida Guliston shahar ichki ishlar organlari tarkibida voyaga etmaganlar masalalari bo’yicha inspektor-psixolog lavozimlari yangidan joriy etilib, ularning bevosita xizmat o’tash joyi etib umumiy o’rta ta’lim muassasalari belgilandi. Inspektor-psixologlar zimmasiga har bir o’quvchi kesimida umumiy o’rta ta’lim muassasalarida psixologik muhitni yaxshilash, voyaga yetmaganlar orasida qonunbuzilishlarga murosasiz munosabatda bo’lish hissini shakllantirish, muammoli o’quvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash vazifalarini yuklandi.
O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2021 yil 31 avgust kunidagi Ichki ishlar organlarining voyaga etmaganlar masalalari bo’yicha bo’linmalari faoliyatini tashkil etish bo’yicha vaqtinchalik nizomining 6-bob 15-bandi talablaridan kelib chiqib bugungi kunda Guliston shahar IIB inspektor-psixologlari hamda halq ta’limi bo’limi xodimlari bilan hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan ayni vaqtda Guliston shahrida joylashgan barcha umumta’lim maktablarida avvalambor karantin qoidalariga amal qilinishi yuzasidan vaziyatlar o’rganilib, shu bilan birga maktablarda “Davomat” tadbirlari, o’quvchilar o’rtasida huquqbuzarlik, nazoratsizlik, jinoyatchilikni oldini olish maqsadida “TIG’”, “TELEFON”, “O’QUVCHI” singari profilaktik tadbirlar muntazam ravishda o’tkazilmoqda. Aniqlangan muammoli holatlar yuzasidan MFY raislari, maktab ma’muriyati, jamoatchilik vakillari hamda inspektor psixologlar hamkorligidagi ishchi guruhlar o’quvchilarning uy manzillariga tashrif buyurib, ota-onalar ishtirokida muammoli vaziyatlarni manzilli o’rganilib, ularni bartaraf etish choralari ko’rilmoqda.

Text to speech