Sirdaryoda yana isteʼmolga yaroqsiz go‘sht mahsuloti aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi hamda “Veterinariya to‘g‘risida”gi Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2017 yil 18-iyun kunidagi “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi karantin tadbirlarini taʼminlash bo‘limi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 111-sonli buyrug‘ining tegishli bandlariga asosan viloyatimizga kirib kelishi mumkin bo‘lgan yuqumli kasalliklarni tarqalishini oldini olish maqsadida, viloyat hududida faoliyat olib borayotgan “Sirdaryo” karantin maskani orqali go‘sht-sut mahsulotlarini, parranda, yirik va mayda shoxli chorva mollarini olib o‘tayotgan avtotransport vositalari viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda tekshirildi.
O‘tkazilgan tadbirlar davomida Qashqadaryo – Toshkent yo‘nalishida harakatlanib o‘tayotgan Kobalt rusumli avtotransport vositasi xolislar ishtirokida to‘xtatilib tekshirilganida, ushbu avtotransport vositasini Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida yashovchi 1980-y.T fuqaro R.S tegishli hujjatlarsiz boshqarib ketayotganligi hamda avtotransport vositasi tekshirilganda hech qanday hujjatlarsiz, kelib chiqishi nomaʼlum bo‘lgan 815 kg hayvon go‘shti borligi aniqlandi. Ushbu go‘sht mahsulotlari viloyat Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markaziga olib kelinib, laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilganda, isteʼmolga yaroqsiz ekanligi maʼlum bo‘ldi.
Ushbu go‘sht mahsulotlari viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasining tegishli xulosasiga asosan ko‘mish yo‘li bilan yo‘q qilindi. R.S boshqaruvidagi Kobalt rusumli avtotransport vositasi tegishli tartibda qonuniy chora ko‘rish uchun Sirdaryo viloyati IIB JXX YXHB xodimlariga topshirildi. Aniqlangan holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Sirdaryo viloyati boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan surishtiruv o‘tkazilmoqda.
Sirdaryo viloyati IIB JXX JTSB karantin guruhi