Sirdaryoda 1 tonnaga yaqin isteʼmolga yaroqsiz go‘sht aniqlandi.
Viloyatimizga kirib kelishi mumkin bo‘lgan yuqumli kasalliklarni tarqalishini oldini olish maqsadida, viloyat hududidagi “Sirdaryo” YPX maskanida mutasaddi tashkilotlar xodimlari bilan hamkorlikda tadbir o‘tkazildi.
O‘tkazilgan tadbir davomida Samarqand–Toshkent yo‘nalishida harakatlanib o‘tayotgan “ISUZU” rusumli avtotransport vositasi xolislar ishtirokida to‘xtatilib tekshirilganda, Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1998-yilda tug‘ilgan fuqaro X.Sh boshqaruvidagi avtotransport yukxonasida hech qanday hujjatlarsiz, kelib chiqishi nomaʼlum bo‘lgan 941 kg hayvon go‘shti borligi aniqlandi.
Viloyat Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi mutaxassislari tomonidan laboratoriya tekshiruvlari uchun namunalar olindi.
Hozirda aniqlangan holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sirdaryo viloyati IIB JXX JTSB karantin guruhi