8 Avgust 2022 yil 480

Sirdaryo viloyati IIB boshlig‘i Shuhrat Bo‘ronov xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi yig‘ilishida hisobot berdi.

Sirdaryo viloyati Shuhrat Bo‘ronov xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etib, 2022 yilning 1-yarmida hududda qonuniylik va jinoyatchilikka qarshi kurash borasida viloyat Ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

 Ichki ishlar organlari tomonidan aholining tinch va farovon hayot kechirishini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, shuningdek, boshqa hayotiy muhim masalalarda bir qator ishlar amalga oshirilib, ijobiy natijalarga erishildi. 

Jumladan, joriy yilning 6 oyida umumiy jinoyatlar 0,4 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 1,4 foizga kamayishiga erishildi.

Viloyatimizdagi 236 ta mahallalarning 150 tasida yoki 63,6 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.   

Qidiruv eʼlon qilingan 194 nafar shaxslarning 95 nafari ushlanib, jinoyatga jazo muqarrarligi taʼminlandi, 4 nafar bedarak yo‘qolgan shaxslar topildi.

Giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq aniqlangan holatlar 110 tani tashkil etib, 2021 yilning shu davriga nisbatan 20 taga yoki 22,2 foizga ko‘p aniqlandi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida 24 kg ortiq giyohvandlik vositalari olinib, 2021 yilga nisbatan 3 kg 893 gr ko‘p aniqlanishiga erishildi. Ichki ishlar boshqarmasi tashabbusi bilan mansabdorlik va korrupsiyaga oid 113 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Viloyat hokimi tomonidan 2022 yil 18 aprel kuni tasdiqlangan “Yo‘l xarita”ga asosan Sirdaryo viloyati hududida voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha “Sirdaryo tajribasi” yaratildi va yangicha ishlash mexanizmi joriy etildi.

Unga ko‘ra, haftaning shanba kuni “Yoshlar o‘rtasida huquqiy targ‘ibot va huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” sifatida belgilanib, kun davomida yoshlar bilan tizimli ishlash yo‘lga qo‘yildi.

Hisobda turuvchi yoshlar toifalari va xususiyatlariga qarab “qizil”, “sariq” va “yashil” marshrutlarga bo‘lindi.

Ichki ishlar organlarida profilaktik hisobida turuvchi, Probatsiya va sog‘liqni saqlash bo‘limlari nazoratidagi yoshlar yashaydigan manzillar “Qizil marshrut”ga kiritildi. Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda profilaktik hisobda turuvchi yoshlar bilan yakka tartibdagi profilaktik tadbirlar olib borildi.   

“Bir nuroniyga o‘n nafar yosh” tamoyili asosida viloyat hududida istiqomat qiluvchi 415 nafar nuroniylarga jinoyat va huquqbuzarlik sodir etgan va sodir etishga moyil bo‘lgan 210 nafar yoshlar biriktirildi. Shu orqali ularni jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etishining oldini olish hamda ularni jamiyatda o‘z o‘rnini topishlarida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Mahallalarda “Sariq marshrut” bo‘yicha uyushmagan, ishsiz, uzoq muddatga ketib qaytgan yoshlarni kasbga yo‘naltirish borasida yoshlar yetakchisi, mahalliy tadbirkorlar, hunarmandlar hamda monomarkazlar bilan hamkorlikda yoshlarni o‘qitish, qayta o‘qitish, tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha sayyor uchrashuvlar tashkil etildi. Uchrashuvlarda 1 ming 155 nafar yoshlar ishtirok etib, Monomarkazda o‘qish uchun 385 nafar yoshlarga yo‘llanmalar berildi. 

“Yashil marshrut” bo‘yicha mahallalar, taʼlim muassasalari, ko‘pchilik yoshlar ishlaydigan korxona va tashkilotlarda huquqiy targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda. Yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish borasida Adliya hamda Sud organlari bilan hamkorlikda 105 marotaba targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Yoshlarda qonunga itoatkorlik hisini kuchaytirish maqsadida prokuratura bilan hamkorlikda 420 marotaba yig‘ilishlar, uchrashuvlar va davra suhbatlari o‘tkazilib, ularga yurtimizda qabul qilinayotgan normativ huquqiy hujjatlarning mazmun mohiyati tushuntirib berildi.

Yoshlarni “Ommaviy madaniyat”, salbiy illatlar va yot g‘oyalardan himoya qilish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish bo‘yicha sog‘liqni saqlash hamda maʼnaviyat va maʼrifat markazlari bilan hamkorlikda 302 marta uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etildi.

Amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar natijasida yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar sezilarli darajada kamayishiga erishildi.

Alohida eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan 32 yo‘nalishdagi 42 ming 390 nafar shaxslar ro‘yxati mahallalar kesimida shakllantirilib, barcha sektor rahbarlariga yuborildi. Hamkorlikda olib borilgan profilaktik tadbirlar natijasida jinoyatchilikni kamaytirishga erishildi. 

Text to speech