Sirdaryo viloyati IIB: Avvalo o‘zimiz o‘rnak bo‘laylik.
Ota-bobolarimiz bir qarich yerdan ham unumli foydalanishga, bog‘-rog‘lar yaratishga alohida eʼtibor qaratishgan. Prezidentimiz raisligida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbayi bo‘lgan tomorqachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham bu haqda alohida to‘xtalib o‘tilgan edi.
Ushbu video selektorda berilgan topshiriq va ko‘rsatmalar asosida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimlaridan iborot ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruhga asosiy vazifa qilib “Xodimlarning xonadonlaridagi tomorqalardan unumli foydalanishlarini, xodimlarga tomorqa daromad manbayi ekanligi tushuntirilib, tomorqalardan to‘liq foydalanish yo‘lga qo‘yish” belgilandi.
Hozirgi kunda viloyat IIB xodimlari tomonidan “Avvalo o‘zimiz o‘rnak bo‘laylik” shiori ostida o‘zlari yashab kelayotgan xonadonlaridagi tomorqalaridan unumli foydalanishlariga eʼtibor qaratildi. Birgina misol Sirdaryo viloyati IIB Kadrlar boshqarmasi katta inspektori Furqat Saidqulovning xonadonida 8 sotix yer maydoni bor.
Hozirgi kunda ushbu yer maydonini ikkiga bo‘lib issiqxona tashkil qilgan. Ayni paytda, 2 sotix yer maydonidagi issiq xonada 30 tup limon daraxti parvarish qilinayotgan bo‘lsa, qolgan 6 sotix yer maydonida tashkil qilingan issiqxonasida bulg‘or qalampiri yetishtirmoqda.
O‘g‘lim Ichki ishlar organlarida xizmat qiladi bo‘sh vaqtlarida issiqxonamizda birgalikda mehnat qilib har yili yerdan ikki marta hosil olamiz. Daromad ham yomon emas. Tomorqa – tayyor daromad manbayi. Faqatgina undan unumli foydalanish kerak - deydi Furqat Saidqulovning onasi Saidqulova Raxima.
“Avvalo o‘zimiz o‘rnak bo‘laylik” shiori ostida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining barcha xodimlari xonadonlaridagi tomorqalardan unumli foydalanishni o‘zlarini oldiga maqsad qilib oldilar.
Albatta, zaminimiz serhosil. Tuproq-iqlim sharoiti to‘rt faslda ham sabzavot ekinlari yetishtirish uchun g‘oyat qulay hisoblanadi. Yerga tayoq qadasang ko‘karadi. Mavjud yerda mehnat qilib, piyoz, sabzi, kartoshka, sarimsoqpiyoz yoki turli ko‘katlarni ekib, ro‘zg‘orda foydalanish koni foyda. Aslida bular, faqatgina oziq-ovqat mahsuloti bo‘lmay, inson salomatligi uchun ham foydali sabzavotlar hisoblanadi. Qolaversa, jismoniy faollik, bundan tashqari, tomorqaning obod bo‘lishi, natijada qo‘shimcha daromad degani-ku! Tomorqadan samarali va unumli foydalanib, yil davomida bir necha marotaba hosil olish imkoni mavjud. Shunday ekan, har bir tomorqa egasi mavjud ekin maydonidan unumli foydalansa, foydadan xoli bo‘lmaydi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati.