21 Aprel 2022 yil 309

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlar oʻrtasida “Zukko kitobxon” intellektual oʻyinlari boʻlib oʻtdi.

Insonning eng yaqin doʻsti shubhasiz kitob. Kitob oʻqigan insonning maʼnaviyati yuksak, dunyoqarashi keng, tafakkuri boy boʻladi. Ayni shu maqsadda Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan xodimlar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini yanada oshirish maqsadida “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!” shiori ostida oʻtkazilayotgan “Maʼnaviyat oyligi” doirasida qator maʼnaviy-maʼrifiy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan joriy yilning 21 aprel kuni Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida xodimlarning intellektual va professional bilim darajasini oshirib borish, xodimlarni vatanimiz, xalqimiz, milliy qadriyatlarimiz, tarixiy-maʼnaviy merosimizga hurmat va sadoqatli qilib tarbiyalash, dunyoqarashi va fikrlash doirasini kengaytirish, ijodiy salohiyatini oshirish, maʼnaviy barkamol shaxs boʻlib voyaga yetishlarida koʻmaklashish, iqtidorli, ijodkor xodimlarni ragʻbatlantirish, ularning oʻz aql-zakovatini namoyon etishiga koʻmaklashish, kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirish hamda oʻzbek va jahon adabiyotining sara asarlariga mehr uygʻotish maqsadida “Zukko kitobxon” intellektual oʻyinlari oʻtkazildi. Oʻtkazilgan “Zukko kitobxon” intellektual oʻyinlarida 15 ta jamoa ishtirok etdi. Zukko, bilimdon va intellektual salohiyatga ega boʻlgan yigit-qizlar “Zukko kitobxon” savol-javoblarida oʻz mahoratlarini namoyish etdilar. Murosasiz, hayajon bilan qizgʻin oʻtgan “Zukko kitobxon” intellektual oʻyinida Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlari xotin-qizlaridan iborat “Toʻmaris” jamoasi 1-oʻrinni, Sirdaryo viloyati IIB jamoasi 2-oʻrinni va Boyovut tumani IIB jamoasi uchinchi oʻrinni egalladilar. Gʻolib jamoalar boshqarma boshligʻining qimmatbaho sovgʻalari hamda kitoblar toʻplami bilan taqdirlandilar. 

Tashkil etilgan bu kabi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar bundan keyin ham davom etib, har bir xodimni vataniga, xalqiga va oilasiga boʻlgan sadoqatini yanada mustahkamlab, “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burch” ekanligini his qilgan holda halol xizmat olib borishini taʼminlaydi.

Sirdaryo viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati

Text to speech