26 Dekabr 2022 yil 191

Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari uchun ertak-teatr tashkil etildi va bayram sovg‘alari topshirildi.

Yangi yil barchamiz orziqib kutgan bayram. Bu bayram nafaqat eng quvonarli, shu bilan birgalikda bolajonlar tomonidan intiqib kutiladigan bayram hisoblanadi. Yaqinlashib kelayotgan bayram munosabati bilan ichki ishlar organi xodimlari va ularning farzandlari e’tiborsiz qolmadi, xususan joriy yilning 24 dekabr kuni Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlari xodimlari farzandlari uchun “Muzbuloq siri” deb nomlangan ertak-teatr dasturi namoyish etildi.

Ushbu ertak-teatr dasturiga tashrif buyurgan Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining oila a’zolari va farzandlari bayram shukuhi bilan yo‘g‘rilgan voqealar rivojini zo‘r qiziqish bilan tomosha qilishdi. Ertak-teatrning salbiy qahramoni bo‘lgan Sokinlik malikasi butun dunyoda yovuzlik hukmron bo‘lishini xohlaydi, bu maqsad yo‘lida hamma joyda bayram nishonlanmasligi, aksincha yer yuzida sokinlik hukm surishini istaydi, lekin ertak-teatr yakunida u o‘z niyatiga yeta olmaydi, chunki ertak-teatrning ijobiy qahramonlarining saʼyi-harakatlari bilan yaxshilik yovuzlik ustidan g‘alaba qozonadi.

Tadbir yakunida Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlariga boshqarma boshlig‘i hamda kasaba uyushmasining bayram sovg‘alari topshirildi. Bayram munosabati bilan tashkil etilgan bu kabi ma’naviy va ma’rifiy tadbirlar kelgusida xodimlarni oilasidagi xotirjamlik va baxt hissiyotlarini yanada mustahkamlab, ularni insonparvarlik, vatanga, oilaga muhabbat va sadoqat ruhida xizmat olib borishini ta’minlaydi.

Sirdaryo viloyati IIB Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati.

Text to speech