20 Oktyabr 2022 yil 265

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida “Til bilimdoni” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

Til – millatning faxri, g‘ururi! Til – o‘zaro muomala, aloqa vositasi, tafakkur qurolidir. Til millatning boyligi, tuganmas xazinasi, ko‘zgusi hamdir. Tilni asrash, avaylash, boyitish, mazmunli so‘zlash har bir insonning burchi hisoblanadi.

Mamlakatimizda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, davlat tilini to‘laqonli joriy etishni taʼminlash, O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalish va vazifalarni hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni bilan 21 oktyabr O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilanganligi munosabati bilan, respublika miqyosida “Qadring baland bo‘lsin ona tilim!” shiori ostida ko‘plab madaniy-maʼrifiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Joriy yilning 19 oktyabr kuni Sirdaryo viloyati IIOda xizmat olib borayotgan xodimlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Til bilimdoni” ko‘rik-tanlovi shunday tadbirlardan biridir.

Tanlovda ishtirokchilar 3 ta shart bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar. “Insholar tanlovi” deb nomlangan 1-shartda ishtirokchilar “Ona tilim – millat g‘ururi va faxri” mavzusida o‘z fikr-mulohazalarini qog‘ozga tushirdilar. 2-shartda ishtirokchilar Ichki ishlar organlari xodimlari o‘qishi uchun tavsiya etilgan adabiyotlardan tuzilgan savollarga javob berib o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar. 3-shart “Erkin mavzu” deb nomlanib, bu shartda ishtirokchilar o‘zlarining qiziqishlari, bilimlari, mahorat va isteʼdodlarini namoyon etdilar.

Ko‘rik-tanlov natijalariga ko‘ra, 3-o‘rinni Mirzaobod tumani IIB Jamoat xavfsizligi xizmati, Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi profilaktika inspektori leytenant Yo‘ldoshev Qaxramon Baxtiyor o‘g‘li, 2-o‘rinni Shirin shahar IIB Kadrlar bilan taʼminlash guruhi katta inspektori leytenant Yusupov Usmon Anorboyevich qo‘lga kiritgan bo‘lsa, faxrli 1-o‘rinni Yangiyer shahar IIB Jamoat xavfsizligi xizmati, Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologi leytenant Omonov Sherzodjon Abdug‘ani o‘g‘li egalladilar. G‘oliblar boshqarma boshlig‘ining faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Tadbir ishtirokchilarda o‘zgacha taassurotlar qoldirib, ularda o‘zbek tiliga bo‘lgan faxr va iftixor tuyg‘ulari yana-da ortishiga zamin yaratdi.

Sirdaryo viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati.

Text to speech