20 Oktyabr 2022 yil 338

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida “Yilning eng faol faxriy xodimi” aniqlandi.

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining 2022 yil 03 fevral kunidagi “Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi”ga muvofiq 2022 yil davomida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar organlarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning tegishli bandi ijrosini taʼminlash hamda Ichki ishlar organlarida faxriylar va yosh xodimlar o‘rtasida “Ustoz-shogird anʼanalari”ni yangi bosqichga olib chiqish, yosh xodimlarning milliy qadriyatlarga sodiq, chinakam vatanparvar va fidoyi “xalq xizmatchisi” bo‘lib shakllanishida faxriylarning yordamidan samarali foydalanish, shuningdek faxriylarning Vatan osoyishtaligi va yurt tinchligi yo‘lidagi uzoq yillik mehnatini inobatga olgan holda ularni qo‘llab quvvatlashni kuchaytirish, Ichki ishlar organlari faxriylarini ijtimoiy faolligini oshirish, ularning boy hayotiy va amaliy tajribalaridan unumli foydalanish, yosh avlodni Vatanga va burchga sadoqat ruhida tarbiyalashdagi nufuzini oshirish maqsadida IIV Sirdaryo akademik litseyida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar organlari faxriy xodimlari o‘rtasida “Yilning eng faol faxriy xodimi” ko‘rik-tanlovining hududiy saralash bosqichi o‘tkazildi.

Ko‘rik-tanlovda har bir shahar-tuman Ichki ishlar bo‘limlaridan faxriy xodimlar ishtirok etdi. Ushbu ko‘rik-tanlovda faxriy xodimlarning yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan fotolavhalar hamda “Ustoz-shogird” anʼanasi, Faxriylar maktabi, yoshlarga oid davlat siyosati, shuningdek davlat va jamiyat hayotidagi muhim masalalar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarini hayʼat aʼzolariga taqdim etish, ijtimoiy-siyosiy mavzudagi savol-javoblar shartlari va shaxmat o‘yini bo‘yicha bellashdilar.

Ko‘rik-tanlov yakuniga ko‘ra Sirdaryo tumani IIB Faxriylar kengashi raisi isteʼfodagi mayor Umarov Bahrom Narzullayevich g‘oliblikni qo‘lga kiritib ko‘rik-tanlovning Respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Xovos tumani IIB Faxriylar kengashi raisi isteʼfodagi mayor Mamatov Pardaboy Donayevich 2-o‘rinni, Mirzaobod tumani IIB Faxriylar kengashi raisi isteʼfodagi katta serjant Ro‘zimuratov Saboxiddin Ismailovich 3-o‘rinni  qo‘lga kiritdilar. G‘olib bo‘lganlar boshqarma boshlig‘ining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Shundan so‘ng faxriylar, IIV Sirdaryo akademik litseyi o‘quvchilari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda so‘zga chiqqan faxriylar yosh avlodni tarbiyalashda “ustoz-shogird” anʼanasiga amal qilish, ustozlarni ulug‘lash, ularni orttirgan tajribalaridan unumli foydalanish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotgani, yurtimizda faxriylarga ko‘rsatilayotgan ehtirom, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, o‘z navbatida faxriylar ham yoshlarda vatanga muhabbat, Prezidentga sadoqat tuyg‘ularini yana-da chuqurroq singdirish maqsadida bu kabi qator tadbirlarda o‘quvchi yoshlar va xodimlarning kasb mahorati va tajribasini oshirishga o‘z hissasini qo‘shib kelayotganini taʼkidladilar.

Tashkil etilgan bu kabi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar har bir faxriy xodimni vataniga va xalqiga bo‘lgan sadoqatini yana-da mustahkamlab, “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burch” ekanligini his qilgan holda  yosh avlodni Vatanga va burchga sadoqat ruhida tarbiyalashdagi nufuzini oshirishini taʼminlaydi.

Sirdaryo viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati.

Text to speech