30 Aprel 2022 yil 262

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida "Mahalla obodligi – yurt farovonligi" shiori ostida umumxalq xayriya hashari oʻtkazilmoqda.

Xalqimizda azaldan tozalik va orastalikka, obodonchilik ishlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Yurtimizda turli bayramlar, muhim sanalar oldidan umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish va shu orqali hududlarni obodonlashtirish yaxshi anʼanaga aylangan.

Eʼtiborlisi, obodlikka qaratilgan shu kabi xayriya hasharlarida xalqimizning hamjihatligi, birdamligi yana-da yaqqolroq bo‘y ko‘rsatadi. Azaldan xalqimizda hashar mehr-oqibat, hamjihatlikni zamondoshlarimizni bir-biriga bog‘lovchi rishta sifatida ham qadrlangan. Shu kabi maqsadlarni o‘zida mujassam etgan xayriya hashari Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan Guliston shahrida amalga oshirildi. Hashar erta tongdanoq xodimlarning hamjihatligi asosida tashkil etildi. Osoyishtalik posbonlari tomonidan boshqarma atrofidagi daraxtlar oqlandi, ko‘chalar, ariqlar tozalandi.

Jamiyatimizda o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini, zamondoshlarimizni bir-biriga bo‘lgan mehr-muhabbatini o‘zida aks ettiruvchi tadbir natijasida Guliston shahridagi ko‘chalar obodlikka yuz tutdi.

Bir so‘z bilan aytganda, "Mahalla obodligi – yurt farovonligi" shiori ostida o‘tkaziluvchi umumxalq xayriya hashari Sirdaryoliklar ahilligi, hamjihatligini yana bir karra ifoda etib berdi.

Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech