26 Avgust 2021 yil 1012

Sirdaryo viloyati Baxt shahrida joylashgan Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi tarbiyalanuvchilari uchun konsert dasturi tashkil etildi.

Mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, ma’naviy-axloqiy, jismonan yetuk, vatanparvar, milliy an’ana va qadriyatlarimizga sadoqatli yoshlarni voyaga yetkazish, ularni amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning faol va jonkuyar ishtirokchisiga aylantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarining ushbu jarayondagi ishtiroki, shuningdek jismonan va ruhan sog‘lom shaxsni tarbiyalash, bolalarda mehnatsevarlik va komillikka intilish tuyg‘ularini shakllantirishdagi faoliyatini yanada takomillashtirishni talab etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida 2021 yil 28 iyul kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining 39-sonli bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida, Sirdaryo viloyati IIB boshlig‘ining tashabbusi bilan Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, Baxt shahridagi Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi tarbiyalanuvchilari uchun Sirdaryo viloyati Madaniyat boshqarmasining qo‘shiq va raqs ansamblida xizmat qilayotgan san’atkorlar, xonanda va sozandalar, badiiy so‘z ustalari hamda Sirdaryo viloyati IIBda tashkil etilgan ansamblda xizmat qilayotgan san’atkor xodimlar ishtirokida “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida konsert dasturi tashkil etildi.

Mazkur konsert dasturida Sirdaryo viloyati IIB hamda Madaniyat boshqarmasi ijodkorlari tomonidan Vatanni madh etuvchi diltortar kuy-qo‘shiqlar, oila, sevgi-muhabbat mavzusini tarannum etgan navolar hamda hazil mutoyibaga boy bo‘lgan sahna chiqishlari barchada ko‘tarinki kayfiyatni uyg‘otdi.

Konsert dasturi yakunida Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasining faol tarbiyalanuvchilariga Sirdaryo viloyati IIB boshlig‘ining esdalik sovg‘alar topshirildi.

Tashkil etilgan bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘quv-tarbiya muassasasining har bir tarbiyalanuvchilarini vataniga, xalqiga, va oilasiga bo‘lgan sadoqatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Sirdaryo viloyati IIB Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati.

Text to speech