Sirdaryo tumanining ogʻir hududlari obodonlashtirilmoqda.
Mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda olib borilayotgan tub islohotlardan koʻzlangan bosh maqsad xalqimizning hayotiy talab hamda ehtiyojlarini taʼminlash, odamlarimizni rozi qilishdan iboratdir.
Bu ezgu niyat yoʻlida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar koʻlami kundan-kunga yanada ortib, yangi maʼno va mazmun bilan boyib bormoqda.
Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Sirdaryo viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ogʻir mahallalar belgilab olinib, ushbu mahallalar hududlarida keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu ezgu amallar olis hamda chekka hududlarda yashayotgan millionlab yurtdoshlarimiz hayotida chin maʼnoda yangi sahifa ochishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Viloyat 3-sektor hududiga qarashli Sirdaryo tumanidagi “Yangiobod” mahallasida ham yuqoridagi kabi ezgu amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ayni vaqtda qishloqdagi qurilish va obodonlashtirish ishlariga maxsus texnika hamda moslamalar, mutaxassis va ishchi kuchlar safarbar etilgan. Maxsus texnikalar yordamida loy koʻchalarga tosh-shagʻal yotqizilib, tekislanmoqda. Koʻcha yon atrofidagi ariqlar tozalanib, daraxtlar oqlandi.
Bugun qishloqda odamlarning hayratlanishiga arziydigan tarixiy ishlar boʻlayapti. Uning qamrovi hamda surʼatini koʻrgan kishi yaqin kunlarda Yangiobodning kechagi qiyofasidan asar ham qolmasligiga toʻla amin boʻladi. Bu davlatimiz rahbarining “Xalqimiz oʻz hayotida ijobiy oʻzgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun koʻrishi kerak”, degan soʻzlarining real hayotdagi amaliy ifodasi, soʻz bilan ish birligining yorqin namunasidir.