28 Aprel 2023 yil 208

Sirdaryo musiqali drama teatrida “Vatan manzumasi” deb nomlangan adabiy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

27 aprel kuni Guliston shahridagi musiqali drama teatrida “Vatan manzumasi” adabiy-maʼrifiy dastur bo‘lib o‘tdi. Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi hamda O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda turli soha vakillari va harbiy xizmatchilar bilan bir qatorda IIV Sirdaryo akademik litseyi o‘quvchilari ham ishtirok etdi.

Kechada marhum va zamondosh shoirlarning vatan, xalq, ona kabi mavzulardagi sheʼrlari yosh ijodkorlar tomonidan o‘qib eshittirildi. Xalq tanigan shoirlar esa o‘z sheʼrlarini tomoshabinlar eʼtiboriga havola qildi. Sanʼatkorlar o‘z navbatida yurt mavzusidagi kuy-qo‘shiqlari bilan yig‘ilganlarni xushnud etdi. Ona vatan madhini kuylovchi sheʼr va qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha fayz ulashganini qayd etish lozim. Tadbirni Sevara Nazarxon tomonidan kuylangan “Ulug‘imsan, Vatanim!” qo‘shig‘i yakunlab berdi.

Darhaqiqat, bunday tadbirlar vatan posbonlarining, yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy hamda harbiy-jangovar salohiyatini yana-da oshirishga xizmat qiladi.

Text to speech