20 Dekabr 2021 yil 381

Sirdaryoda sohaviy xizmat rahbarlarining malakalari oshirildi

Hozirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar doirasida aholining tinch va osoyishta hayotini taʼminlash hamda jamiyatimizda qonunga itoatkorlik va jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bu esa oʻz navbatida, ichki ishlar organlari rahbar xodimlarining fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qonun ustuvorligi taʼminlash, shuningdek, oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishlari uchun muntazam ravishda kasbiy bilim va koʻnikmalarini oshirib borishlarini talab etadi.

Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2021 yil 20 noyabrdagi “Ichki ishlar organlarining rahbar xodimlari malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmoyishiga asosan, joriy yilning 12-17 dekabr kunlari Sirdaryo viloyatida ichki ishlar boshqarmasining jinoyat qidiruv, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish xizmati rahbar xodimlari hamda tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlarining birinchi oʻrinbosarlari va tergov xizmati rahbarlarining malakasini oshirish boʻyicha vazirlik Malaka oshirish instituti Sirdaryo filialida institut professor-oʻqituvchilari ishtirokida sayyor oʻquv kurslari tashkil etildi.

Oʻquv yigʻinini tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad rahbarlarda jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida mavjud muammolarni hal etish boʻyicha ilgʻor ish tajribalarini yanada kuchaytirish, hududdagi tezkor va kriminogen vaziyatni tahlil qilish, prognozlash va baholashning zamonaviy usullarini oʻrgatish hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularning sabab va sharoitlarini aniqlash asosida ichki ishlar organlarining mavjud kuch, vositalarini taqsimlash, shu jumladan, tergov rahbarlari tomonidan jinoyat ishlarini sifatli tergov qilinishini nazorat qilishga qaratilgan faoliyatini samarali tashkil etishdan iboratdir.

Oʻquv kursi soʻngida, tinglovchilardan imtihon qabul qilinib, imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchilarga belgilangan namunadagi sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.

Shuning bilan birga, vazirlik Malaka oshirish instituti Sirdaryo filialida kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonini samarali tashkil etishdagi faol ishtiroklari uchun akademik litsey direktori mayor Gʻ.J.Abdullaev va direktorning xodimlarni malakasini oshirish boʻyicha oʻrinbosari mayor O.SH.Suyarovlar institut rahbariyatining “Tashakkurnoma”lari bilan taqdirlandilar.

Text to speech