Sirdaryo viloyatidagi kuch tuzilmalariga qarashli harbiy qism va muassasalardagi yosh harbiy xizmatchilar oʻrtasida “Huquq bilimdoni” nomi ostida “Zakovat” intellektual oʻyini oʻtkazildi
Sirdaryo viloyati, Guliston shahri, Yoshlar markazida yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini oshirish, ularni huquqiy bilimlar bilan qurollantirish hamda aql-zakovatini keng omma oldida namoyon etishiga koʻmaklashish maqsadida navbatdagi yirik tadbir boʻlib oʻtdi.
Ushbu tadbir Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi hamda Guliston harbiy prokuraturasi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Shuningdek, tadbirda Yoshlar ishlari boshqarmasi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari, Sirdaryo Live OAV, “Zakovat” intellektual klubi nodavlat notijorat tashkiloti (NNT) hamkorlik qildi.
Tadbirning asosiy maqsadi:
Yosh harbiy xizmatchilarning huquqiy va intellektual saviyasini oshirish;
Ularning bilim darajasini oshirish va fikrlash qobiliyatini rivojlantirish;
Yoshlar oʻrtasida kitobxonlik va bilimga qiziqishni kuchaytirish.
“Huquq bilimdoni” shiori ostida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual oʻyinida Sirdaryo viloyatidagi kuch tuzilmalariga qarashli harbiy qism va muassasalarda xizmat qilayotgan yosh harbiy xizmatchilar ishtirok etdilar.
Tashkil etilgan 10 ta jamoa oʻz bilimlarini namoyon etish, mantiqiy fikrlash, tezkor javob qaytarish va jamoaviy ishlash borasida kuch sinashdi.
Har bir savolga berilgan javoblar hakamlar hayʼati tomonidan baholab borildi. Bellashuv jarayonlari qizgʻin, bilimga boy va murosasiz tarzda oʻtdi.
Yakuniy natijalar quyidagicha:
1-oʻrin – “Vatanparvarlar” jamoasi (Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi);
2-oʻrin – “Tariqat” jamoasi (Sirdaryo viloyati Bojxona boshqarmasi);
3-oʻrin – “Qalqon” jamoasi (Sirdaryo viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi).
Gʻolib jamoalarga Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi hamda Yoshlar ishlari boshqarmasi tomonidan diplomlar va esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.
“Bunday intellektual oʻyinlar biz yosh harbiylar uchun nafaqat bilim sinovidir, balki yurtga xizmat qilishda zarur boʻlgan tafakkur, bilim va jamoaviylik fazilatlarini rivojlantirishda katta imkoniyat yaratadi,” – deydi oʻyin ishtirokchilaridan biri.
“Huquq bilimdoni” intellektual oʻyini nafaqat yosh harbiy xizmatchilarning bilimlarini sinovdan oʻtkazdi, balki ularni jamoaviy ishlash, fikr almashish va qonuniy bilimlar bilan qurollantirishda samarali maydon boʻlib xizmat qildi.
Bunday tadbirlar yoshlarga oʻzini namoyon etish, sogʻlom raqobat muhitida oʻz ustida ishlashga undaydi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati