Sirdaryo viloyati mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi
Sirdaryo viloyati IIB boshligʻi podpolkovnik Farux Xaydarov Guliston tumanidagi kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan hududlarni oʻrgandi.
Jumladan boshqarma boshligʻi tumanning kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan qizil toifadagi Chortoq hamda Soyibobod, Yulduz mahallalarida boʻlib, mahalla yettiligi tomonidan fuqarolar uchun xavfsiz va osoyishta hayot tarzini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganib, profilaktika inspektorlari faoliyati va jamoatchilik bilan hamkorlik samaradorligini oshirish yuzasidan bir qator koʻrsatma va topshiriqlar berildi. Shuningdek, mahallalarda yoshlar, ayollar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar bilan ishlash mexanizmlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shundan soʻng, Guliston tumani Ichki ishlar boʻlimida boshqarma boshligʻi huzurida tanqidiy-tahliliy yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda tuman hududida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarni oldini olish va fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar batafsil muhokama qilindi. Boshqarma boshligʻi tomonidan aniqlangan kamchiliklar boʻyicha masʼullarga aniq vazifalar belgilab berilib, huquqbuzarliklarni oldini olishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish zarurligi taʼkidlandi.
Yigʻilish yakunida masʼul rahbarlar va xodimlarga tegishli koʻrsatmalar berilib, belgilangan vazifalarni ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati