25 Iyul 2024 yil 2784

Sirdaryo viloyati IIBda Vazir o‘rinbosari polkovnik Zufar Kurbanov ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Zufar Kurbanov ishtirokida joriy yilning 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Tadbirda Boshqarma boshlig‘i polkovnik Sanjar Djabarov, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, barcha sohaviy xizmat rahbarlari, shahar-tuman Ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari, bo‘linma boshliqlari hamda tegishli mutasaddi xodimlar ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari tomonidan o‘tgan olti oy davomida viloyatda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, yo‘l-harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berildi.

Jinoyatchilikning ayrim turlari oshgan hudud mutasaddi rahbarlariga bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar xususida ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.

Tadbirda Vazir o‘rinbosari so‘zga chiqib, korrupsiya va tamagirlikka yo‘l qo‘ymaslik, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilish borasida qatʼiy talab va topshiriqlarni yetkazdi.

Tadbir yakunida viloyat hududida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikni jilovlashda hamkasblariga har tomonlama o‘rnak bo‘layotgan bir guruh xodimlar munosib eʼtirof etildi.

Ularning bir guruhiga viloyat Ichki ishlar boshqarmasining qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech