Sirdaryo viloyati IIB rahbariyati tomonidan Mirzaobod tumanida aholi osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan tungi faoliyat oʻrganildi
Dastlab, Mirzaobod tumani Ichki ishlar boʻlimiga tashrif buyurilib, tuman IIB boshligʻining joriy yil 9 oy yakuniga koʻra kriminogen vaziyat toʻgʻrisida axboroti tinglandi. Viloyat IIB boshligʻi Farux Xaydarov tomonidan masʼullarga Mirzaobod tumani hududida oldi olinishi lozim boʻlgan jinoyatlar sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik, namunali jamoat va yoʻl harakati xavfsizligini, fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash yuzasidan tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Shundan soʻng boshqarma boshligʻi tuman IIB navbatchilik qismi faoliyati, navbatchilik qismida jinoyat va hodisalarga oid ariza va xabarlarni qabul qilish, koʻrib chiqish borasida amalga oshirilgan ishlar, hududdagi kuzatuv kameralarining sozligi, tezkor vaziyatni muntazam ravishda nazorat qilish maqsadida ularning ichki ishlar boʻlimiga integratsiya qilinganlik holatini koʻzdan kechirdi hamda tuman IIB rahbarlariga bu borada ham topshiriq va koʻrsatmalarini berdi.
Bundan tashqari Mirzaobod tumani Ichki ishlar boʻlimidagi tergov-tezkor guruhi faoliyati va ularga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishildi hamda tezkor-tergov guruhiga qoʻshimcha yoʻriqnomalar berilib, voqea joyiga borganda amalga oshiradigan xizmat vazifalari boʻyicha savol-javob oʻtkazildi.
Mirzaobod tumani “Navroʻz” mahallasiga oʻrnatilgan “SOS” tugmasi nazorat tartibida bosilib tekshirilganda chaqiruviga asosan Qoʻriqlash xizmatining tezkor harakatlanuvchi guruhi, ichki ishlar boʻlimining tezkor-tergov guruhi hamda shu hududga tungi xizmatga biriktirilgan 3-yoʻnalish xodimlari belgilangan muddatda yetib kelishi nazoratdan oʻtkazildi.
Jarayonlar soʻnggida esa Mirzaobod tumani “Navroʻz” mahallasidagi 172-sonli tayanch punkti faoliyati va jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi hamda “Navroʻz” mahallasi profilaktika inspektori viloyat IIB boshligʻiga mahalla hududida amalga oshirayotgan profilaktik tadbirlari boʻyicha axborot berdi.
Ushbu tadbirlar aholi osoyishtaligini taʼminlash va jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan hamda kelgusida ushbu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati