Sirdaryo viloyati IIB rahbariyati Yangiyer shahrida tungi vaqtlarda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi
Dastlab boshqarma boshligʻi Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali talabalar yotoqxonasida boʻlib, talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Oʻrganish jarayonida talabalarning tungi boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida institut masʼullari hamda profilaktika inspektori tomonidan sport oʻyinlari va turli tadbirlar yoʻlga qoʻyilgani qayd etildi.
Shu bilan birga, talabalarni nazorat qilish, ularning huquqbuzarlik sodir etmasligi va jinoyat qurboniga aylanib qolmasligi uchun masʼullarga tegishli koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Shundan soʻng Yangiyer shahar Qoʻriqlash boʻlimida tungi xizmat faoliyati oʻrganildi. Qoʻriqlash xodimlariga ayniqsa kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarda qoʻriqni kuchaytirish, patrullik yoʻnalishlarini koʻpaytirish va chaqiruvlarga oʻz vaqtida yetib borish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Boshqarma boshligʻining navbatdagi tashrifi Yangiyer shahar Ichki ishlar boʻlimida boʻldi.
U yerda navbatchilik qismida tashkil etilgan situatsiya markazi faoliyati koʻzdan kechirilib, hududda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida oʻrnatilgan kuzatuv kameralarining samaradorligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, kelib tushgan xabarlar asosida tezkor-tergov guruhining voqea joyiga chiqishi amalda tekshirilib, ularning faoliyati nazoratdan oʻtkazildi.
Oʻrganishlar yakunida mutasaddilarga jamoat tartibini saqlash va aholi osoyishtaligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatma va vazifalar yuklatildi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati