Sirdaryo viloyati IIB rahbariyati tomonidan Xovos tumani hamda Yangiyer shahrida yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazildi
Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tashabbusi bilan viloyatda yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish, ularni jamiyatda faol pozitsiyaga ega shaxslar etib tarbiyalash maqsadida joylardagi ochiq muloqotlar muntazam ravishda tashkil etilmoqda.
Shu maqsadda Sirdaryo viloyati IIB boshligʻi podpolkovnik Farux Xaydarov tomonidan Toshkent kimyo texnologiyalari institutining Yangiyer shahar filialida Xovos tumani hamda Yangiyer shahrida istiqomat qiluvchi yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazildi. Unda 50 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi.
Muloqot avvalida IIB boshligʻi har bir yosh bilan shaxsan suhbatlashib, ularning oʻqishi, kundalik hayoti, orzu-istaklari va mavjud muammolari bilan yaqindan tanishdi.
Tadbir davomida yoshlarga jinoyatchilik va huquqbuzarlikning ogʻir oqibatlari haqida hayotiy misollar orqali tushuntirishlar berildi. Shuningdek, yoshlar tomonidan turli masalalarda — bandlikni taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish, imtiyozli kreditlar olish, oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt mablagʻlarini toʻlashda yordam berish, kasb-hunarga ega boʻlish kabi yoʻnalishlarda murojaatlar bildirildi.
Sirdaryo viloyati IIB boshligʻi tomonidan har bir murojaat alohida oʻrganilib, tegishli tartibda hal etilishi boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati