Sirdaryo viloyati IIB boshligʻi Guliston tumanida jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlari bilan tanishdi
Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Farux Xaydarov Guliston tumanida boʻlib, aholi osoyishtaligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan tanishdi.
Tashrif doirasida boshqarma boshligʻi dastlab Guliston tuman Ichki ishlar boʻlimida boʻlib, hududda joriy yilning 8 oyi davomida sodir etilgan jinoyatlar, ularning sabablari, aniqlangan muammolar va ularni bartaraf etish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar haqida taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda, shuningdek, jinoyatchilikning oldini olish, ijtimoiy xavfsizlikni taʼminlash hamda aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish yoʻnalishidagi amalga oshirilayotgan ishlar ham atroflicha muhokama qilindi.
Tuman IIB huzurida tashkil etilgan situatsion markaz faoliyati ham boshqarma boshligʻi tomonidan koʻzdan kechirildi. Xususan, markaz orqali aholi gavjum hududlar, savdo majmualari, ijtimoiy soha obyektlariga oʻrnatilgan kuzatuv kameralarining ishlashi, ularning uzluksiz va tizimli monitoringi, haqiqiy vaqt rejimida tartibni nazorat qilish imkoniyatlari alohida eʼtiborga olindi.
Boshqarma boshligʻi Prezidentimizning 1-sonli qarori ijrosi doirasida belgilangan vazifalarning ijrosi boʻyicha ham mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi. Jumladan, jinoyatchilik yuqori boʻlgan “qizil” toifadagi mahallalarda xavfsiz koʻchalar va yoʻlaklar barpo etish, tungi vaqtda patrullik kuchlarini koʻpaytirish, mahalliy fuqarolar yigʻinlari bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Shuningdek, ijtimoiy profilaktika ishlarini tizimli ravishda yoʻlga qoʻyish, oila muammolari sabab yuzaga kelayotgan jinoyatlarning oldini olish maqsadida ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalar roʻyxatini shakllantirish va ular bilan manzilli ishlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Tashrif doirasida boshqarma boshligʻi Guliston tumanidagi “Chortoq” mahallasida joylashgan 40-son manzil koloniyasida ham boʻldi. U yerda mahkumlar uchun yaratilgan yashash va mehnat sharoitlari, ularning salomatligi, huquqlari va manfaatlari himoyasi bilan bogʻliq ishlar koʻzdan kechirildi. Shuningdek, mahkumlarni kasb-hunar oʻrganishga jalb etish, ularni ijtimoiy hayotga qayta moslashtirish borasida yoʻlga qoʻyilgan ishlab chiqarish jarayonlari, oʻquv kurslari bilan yaqindan tanishildi.
Uchrashuv yakunida boshqarma boshligʻi tegishli yoʻnalishlar boʻyicha masʼullarga jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish va aholining xavfsizligini taʼminlash borasida aniq vazifalarni yuklab, bu borada samaradorlikni yanada oshirish lozimligini taʼkidladi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati