Sirdaryo viloyati IIB boshligʻi “Yulduz” mahallasida aholi bilan uchrashdi
Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Guliston tumanidagi “Yulduz” mahallasida boʻlib, mahallada aholi turmush tarzi va ijtimoiy sharoitlarini oʻrgandi.
Uchrashuvda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning sharoiti oʻrganilib, ularning kundalik turmushida uchrayotgan muammolari tinglandi. Fuqarolarning ish bilan taʼminlanish, yoshlar bandligi, taʼlim va turli ijtimoiy masalalar yuzasidan bildirgan taklif va murojaatlari qayd etildi.
Tadbirda shuningdek “mahalla yettiligi” va mahalla faollari ishtirok etib, hududdagi kriminogen vaziyat muhokama qilindi. Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlar oʻrtasida salbiy illatlarga qarshi kurashish, profilaktika tadbirlarini kuchaytirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Boshqarma rahbari aholi muammolarini hal etishda davlat idoralari, mahalla faollari va jamoatchilikning hamkorligi muhimligini taʼkidladi. Shuningdek, ichki ishlar organlari doimo xalq bilan yaqin muloqotda boʻlib, joylarda barqarorlik va tinchlikni taʼminlash uchun doimiy ish olib borishi qayd etildi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati