Sirdaryo viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Sanjar Djabarov huzurida tezkor yigʻilish oʻtkazildi
Unda viloyat Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshliqlari sohaviy xizmat rahbarlari ishtirok etishdi.
Yigʻilish davomida masʼul rahbarlar tomonidan viloyatning kriminogen vaziyati, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil etilib, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar muhokama etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvaridagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-1-sonli qarori ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlashga oid chora tadbirlar, “Xavfsiz koʻcha”, “Xavfsiz yoʻlak”larni tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek, kiberjinoyatlarning oldini olishga qaratilgan targʻibotlarni yanada kuchaytirish, fuqarolarning murojaatlariga oʻz vaqtida qonuniy javob qaytarish, huquqbuzarliklar profilaktikasi yoʻnalishidagi ishlarni yanada kuchaytirish, jinoyatchilikni barvaqt oldini olish boʻyicha qatʼiy topshiriqlar berildi. Oʻtgan davrda viloyatda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish boʻyicha ishlab chiqilgan “Yoʻl xaritasi” asosida toʻliq ijro etilishini taʼminlash hamda ijtimoiy profilaktika tizimini samarali yoʻlga qoʻyish, jinoyat sodir etilishi ehtimoli yuqori boʻlgan manzillarda kameralashtirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, koʻngilochar maskanlar, tungi klublar atrofida oʻrnatilgan videokuzatuv moslamalarini ishlash jarayonini nazorat qilish uchun profilaktika inspektori va ichki ishlar boshqarmasi vaziyatlar markaziga integratsiya qilish, koʻp qavatli uylarning yoʻlaklar kirish eshiklarida Milliy gvardiya Qoʻriqlash boshqarmasi tomonidan zamonaviy domofonlarni oʻrnatish, fuqarolar gavjum toʻplanadigan joylarga markaziy avtomobil qatnov yoʻli yoqasiga (SOS) tezkor chaqiruv tugmasi oʻrnatish ishlarini masalalarini muhokama qilib, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni aniq va ravshan belgilab berdi.
Yigʻilish soʻngida Ramazon oyiga puxta tayyorgarlik koʻrish, muborak oyni diyorimizda koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazishda lozim boʻlgan chora-tadbirlar xususida ham soʻz borib, aniq vazifalar belgilab olindi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati