Sirdaryo viloyati Ichki ishlar organlari psixologlari o‘rtasida “Eng yaxshi psixolog” tanlovi bo‘lib o‘tdi
Ichki ishlar organlarida xodimlarning kasbiga bo‘lgan ijobiy yondashuvini shakllantirish, mahoratlarini oshirib borishga rag‘bat, sohaviy xodimlar o‘rtasida ijobiy raqobatni tarbiyalash, bilim va ko‘nikmalarini oshirishga intilishini kuchaytirish maqsadida davriy ravishda ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish anʼanaga aylangan. Shunday anʼanalarning navbatdagisi Sirdaryo viloyati Ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan 18 nafar psixolog xodimlar o‘rtasida o‘tkazildi. “Eng yaxshi psixolog”ni aniqlash ko‘rik-tanlovida ishtirokchilarning psixologiya sohasini rivojlantirishga qaratilgan faoliyatlari, targ‘ibot-tashviqot ishlari, trening, seminar, konferensiya va boshqa ilmiy-maʼrifiy tadbirlardagi ishtiroki, psixologiya kasbini yoritishga qaratilgan “Eng yaxshi psixolog” tashrif qog‘ozi videoroligi, sohani rivojlantirishga qaratilgan g‘oya va uni amaliyotga joriy etish istiqbollari, bilim darajasini aniqlashga qaratilgan sinovlar tajribali hakamlar tomonidan diqqat bilan o‘rganilib, baholanib borildi.
To‘plangan umumballar natijasiga ko‘ra:
1-o‘rin Sayxunobod tumani Ichki ishlar bo‘limi Jamoat xavfsizligi xizmati, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori leytenant Mashhura Abdumalikovaga,
2-o‘rin Sirdaryo tumani Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi, voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash guruhi, voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologi leytenant Jasurbek Aʼzamovga,
3-o‘rin Xovos tumani Ichki ishlar bo‘limi, Jamoat xavfsizligi xizmati, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori katta leytenant Mahliyo Hamroyevalarga nasib bo‘ldi.
G‘oliblar boshqarma boshlig‘ining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. G‘oliblarni g‘alaba bilan tabriklab, Respublika bosqichida omad tilab qolamiz.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati