Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Sanjar Djabarov tumanlarda g‘alla o‘rimi jarayonlarini ko‘zdan kechirdi
Shu kunlarda ko‘zni quvnatuvchi oltinrang tusga kirgan dalalarda bo‘liq boshoqlar saf tortgani bobo-dehqonning kechayu-kunduz, vaqt bilan hisoblashmasdan chekkan zahmati, mashaqqatli mehnati mahsuli, albatta.
Endigi vazifa, ana shu bebaho boylikni nest-nobud qilmasdan o‘rib-yig‘ib olib xirmonga saranjomlashdir.
Bu boradagi ishlarni yaqindan o‘rganish maqsadida viloyat viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Sanjar Djabarov masʼullar bilan birgalikda Sirdaryo, Sardoba, Oqoltin hamda Xovos tumanlaridagi fermer xo‘jaliklarining yer maydonlarida g‘alla o‘rim-yig‘im ishlarining to‘g‘ri tashkil qilinganligi, tadbirga jalb etilgan kuch-vositalarga yaratilgan sharoitlar, yong‘in va yo‘lllarda harakat xavfsizligi qoidalariga amal qilish borasida berilgan topshiriq va ko‘rsatmalarga qay darajada amal qilinayotganligini o‘rgandi.
O‘rganishlar davomida g‘alla o‘rim-yig‘imi bilan bog‘liq muammoli masalalar, xususan o‘rim kombaynlari uchun yoqilg‘i moylash hamda zaruriy ehtiyot qismlarining o‘z vaqtida yetkazib berilishi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.
Shuningdek, g‘alla hosilini nest-nobud qilmasdan yig‘ib olish va don topshirish rejasini bajarish borasidagi o‘rim-yig‘im tadbirlarini uyushqoqlik bilan tashkillashtirish, g‘alla hosilini talon-toroj qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarni kuchaytirish yuzasidan masʼullarga qator ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.
Boshqarmasi boshlig‘i dehqon va fermerlar hamda boshqa mutasaddilar bilan samimiy suhbat olib borib, hosilning cho‘g‘i, kutilayotgan daromad, kelgusida ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning turmush darajasini yaxshilashga doir masalalar bo‘yicha ham o‘zining taklif hamda tavsiyalarini bildirib, "... biz sektor rahbarlari-xalq xizmatchisimiz"-deya taʼkidladi.
Bu kabi o‘rganish ishlari viloyat bo‘ylab davom etmoqda.