Sirdaryo viloyati Guliston shahar “Taraqqiyot” mahallasidagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi
Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Guliston shahri “Taraqqiyot” mahallasida boʻlib, hududdagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Oʻrganishlar avvalida Davlatimiz rahbarining “Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish boʻyicha tashkiliy-profilaktik tadbirlar samaradorligini yanada oshirish, ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshiruvchi subyektlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish, kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda alohida yondashuv asosida manzilli ishlash mexanizmlarini joriy etish” haqidagi qarori ijrosi doirasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, yoshlarni ogʻir ijtimoiy oqibatlarga olib keluvchi huquqbuzarliklardan asrash borasida olib borilayotgan profilaktik chora-tadbirlar koʻrib chiqildi.
Shuningdek, mahalla hududida oʻtkazilgan “uyma-uy” profilaktik suhbatlar, aholining huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan targʻibot ishlari hamda jinoyatchilikning oldini olishda keng jamoatchilikni jalb etish borasidagi faoliyat natijalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi alohida toifadagi shaxslar — probatsiya nazorati ostida boʻlganlar, muqaddam sudlanganlar va ijtimoiy nazoratga muhtoj shaxslar bilan individual suhbatlar oʻtkazib, ularning muammolarini oʻrgandi hamda qayta jinoyat sodir etishning oldini olish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berdi.
Uchrashuv yakunida ichki ishlar organlari xodimlariga aholining tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida tizimli ishlash, shuningdek, davlat rahbarining mazkur qaroridan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati