Sirdaryo viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sayxunobod tumanida olib borilayotgan g‘alla o‘rim-yig‘im tadbirlari bilan yaqindan tanishdi
Xabaringiz bor, ayni kunlarda Respublikamizning barcha hududlari kabi Sirdaryo viloyatida ham “G‘alla-2024” o‘rim-yig‘im mavsumi boshlanib, qizg‘in pallaga kirmoqda. “G‘alla-2024” tadbirlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish, yetishtirilgan don mahsulotini nes nobud qilmasdan yig‘ib terib olish, o‘rib olingan don mahsulotlarini daladan don qabul qilish punktiga qadar xavfsiz tashish, turli talon - torojliklarga yo‘l qo‘ymaslik va bunda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash choralarini ko‘rish bugungi kunning eng dolzarb vazifasi hisoblanadi. Shuningdek, mazkur tadbirlar davomida g‘alla o‘rim kombaynlari, don mahsulotlarini tashish uchun mo‘ljallangan yuk mashinalari va boshqa yordamchi texnikalarning talab darajasida ishlashi ham muhimdir.
Bu boradagi ishlarni yaqindan o‘rganish maqsadida, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Sandjar Djabarov masʼul rahbarlar bilan birgalikda Sayxunobod tumaniga borib, fermer xo‘jaliklarining yer maydonlarida ekib yetishtirilgan g‘allaning o‘rim- yig‘im ishlari, mexanizator va tadbirga jalb etilgan boshqa kuch-vositalarga yaratilgan sharoitlar, don qabul qilish maskanida tashkil etilgan tizimli ishlar, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinganligi borasidagi amalga oshirilgan ishlarni joyiga chiqib o‘rgandi.
O‘rganishlar davomida g‘alla talon-toroji bilan bog‘liq noxush holatlarni oldini olish profilaktik ishlariga jalb etilgan xodimlarga tegishli yo‘riqnomalar berilib, fermer xo‘jaliklari masʼullari bilan o‘rim mavsumi bilan bog‘liq muammoli masalalarni muhokama qildi.
Shuningdek, g‘alla hosilini nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish va davlatga don topshirish rejasini bajarish borasidagi o‘rim-yig‘im tadbirlarini tashkillashtirish, g‘alla hosilini talon-toroj qilish bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlarini oldini olish, bunda transport va texnika vositalarining sozligi, ishchilarning xavfsizligini taʼminlash borasidagi profilaktik tadbirlarni kuchaytirish borasida masʼullarga o‘zining bir qator ko‘rsatma va topshiriqlarini berdi.