26 Noyabr 2021 yil 315

Sirdaryo viloyati IIB boshligʻi Oqoltin tumanining “Yangidavr” hamda “Andijon” mahallalarida ommaviy sayyor qabulini oʻtkazildi.

Mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga koʻtarildi. Bugun barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash boʻyicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim yaratildi. Joylarda oʻtayotgan sayyor qabullar xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda, shak-shubhasiz, kutilgan natijalarni bermoqda.

Bugungi kunda xalq bilan uchrashib, joylarga chiqib ularning dardiga quloq tutish, shu orqali aholining roziligiga erishish har bir rahbarning bosh vazifasiga aylandi.

Zero, Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak.

Shu maʼnoda, Sirdaryo viloyati IIB boshligʻi polkovnik Sh.H.Boʻronov Oqoltin tumanining “Yangidavr” hamda “Andijon” MFYlarida fuqarolar bilan navbatdagi sayyor qabulini oʻtkazdi.

Tadbirda tuman Xalq qabulxonasi rahbari, tuman sektor rahbarlari, korxona, tashkilot, muassasa rahbarlari ishtirok etdi. Sayyor qabulda aholining murojaatlari atroflicha oʻrganib chiqildi.

Avvalo, boshqarma boshligʻi kunning birinchi yarmida “Yangidavr” mahallasida fuqarolar murojaatlarini tingladi.

Oʻtkazilgan sayyor qabulda fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarning mazmuniga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, asosan tibbiyot sohasi, yaʼni davolanish, uy-joy olish masalasi, yashash xonadonining kommunal toʻlovlardan qarzdorlik masalasi, moddiy yordamga muhtojligi, kredit olish masalasi, fuqarolik pasporti olish, nogironlik uchun dori-darmon olish masalalarida muammolar bilan murojaat qilindi.

Sayyor qabul jarayonida mahallada istiqomat qiluvchi 14 nafar fuqarolardan 27 ta murojaatlar kelib tushdi. Kelib tushgan ushbu murojaatlarning 4 tasi sayyor qabulning oʻzidayoq hal etildi, 5 tasiga huquqiy tushuncha berildi, qolgan 18 ta murojaat boshqarma boshligʻi tomonidan nazoratga olindi.

Sirdaryo viloyati IIB boshligʻi polkovnik Sh.H.Boʻronov tomonidan kunning ikkinchi yarmida Oqoltin tumani “Andijon” mahallasida fuqarolarni ijtimoiy muammolarini oʻrganish yuzasidan ommaviy sayyor qabulini davom ettirdi.

Sayyor qabul jarayonida mahallada istiqomat qiluvchi 27 nafar fuqarolardan 41 ta murojaatlar kelib tushdi. Kelib tushgan ushbu murojaatlarning 3 tasi shu joyning oʻzida hal etildi, 9 tasiga huquqiy tushuncha berildi, qolgan 29 ta murojaat boshqarma boshligʻi tomonidan nazoratga olindi.

Ushbu mahallada oʻtkazilgan sayyor qabulda fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarning mazmuniga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, suyultirilgan gaz bilan taʼminlash, uy-joy bilan taʼminlash, koʻchasini taʼmirlash, moddiy yordam olish, elektr energiya uchun beton ustunlar oʻrnatish, 12-sonli umumtaʼlim maktabini sifatli koʻmir bilan taʼminlash, ishsizlik, tibbiy yordam olish, kadastr hujjatlarini toʻgʻirlash, fuqarolik pasporti olish, bogʻcha qurilishi uchun kredit olish masalalarida muammolar bilan murojaat qilindi.

Birgina misol, ushbu mahalladagi 6 nafar ayol ishsiz ekanligi, ular hozirgi kunda oilaviy sharoitlarini yaxshilash masalasida boshqarma boshligʻiga murojaat qilishdi. Boshqarma boshligʻi tomonidan ushbu ayollar tumandagi tikuvchilik sexiga olib borilib, shu yerning oʻzida ayollar ish bilan taʼminlandi.

Zero, xalq bilan muloqot, ularning dardu tashvishi bilan yashash eng asosiy maqsad boʻlib, uning roʻyobi yurtimiz ravnaqiga, uning yanada gullab-yashnashiga, fuqarolarning tinch, osuda, farovon hayot kechirishlarini taʼminlashga xizmat qilib kelmoqda.

Bunday sayyor qabullar viloyatimizning barcha hududlari boʻylab davom etmoqda.

Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech