16 Oktyabr 2021 yil 381

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar organlarida “Yilning eng faol faxriy xodimi” aniqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2021 yil 15 iyul kunidagi “Ichki ishlar organlari faoliyatida faxriy xodimlarning rolini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 254-sonli buyrugʻi talablari ijrosini taʼminlash hamda Ichki ishlar organlarida faxriylar va yosh xodimlar oʻrtasida “Ustoz-shogird anʼanalari”ni yangi bosqichga olib chiqish, yosh xodimlarning milliy qadriyatlarga sodiq, chinakam vatanparvar va fidoyi “xalq xizmatchisi” boʻlib shakllanishida faxriylarning yordamidan samarali foydalanish, shuningdek faxriylarning Vatan osoyishtaligi va yurt tinchligi yoʻlidagi uzoq yillik mehnatini inobatga olgan holda ularni qoʻllab quvvatlashni kuchaytirish, ichki ishlar organlari faxriylarini ijtimoiy faolligini oshirish, ularning boy hayotiy va amaliy tajribalaridan unumli foydalanish, yosh avlodni Vatanga va burchga sadoqat ruhida tarbiyalashdagi nufuzini oshirish maqsadida joriy yilning 15 oktabr kuni Sirdaryo viloyati Ichki ishlar organlari faxriy xodimlari oʻrtasida “Yilning eng faol faxriy xodimi” tanlovining hududiy saralash bosqichi oʻtkazildi. Tanlovda har bir shahar-tuman ichki ishlar boʻlimlaridan faxriy xodimlar ishtirok etdi. Ushbu tanlovda faxriy xodimlarning yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan fotolavhalar hamda “Ustoz-shogird” anʼanasi, Faxriylar maktabi, yoshlarga oid davlat siyosati, shuningdek davlat va jamiyat hayotidagi muhim masalalar boʻyicha amalga oshirilgan ishlarini hayʼat aʼzolariga taqdim etish, ijtimoiy-siyosiy mavzudagi savol-javoblar va jangovar tayyorgarlik shartlari boʻyicha bellashishdi. Tanlov yakuniga koʻra Sirdaryo tumani IIB Faxriylar kengashi raisi isteʼfodagi mayor Umarov Bahrom Narzullaуevich gʻoliblikni qoʻlga kiritib tanlovning Respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritdi. Shuningdek, Sirdaryo viloyati IIB Transportda ХTB Faxriylar kengashi raisi isteʼfodagi mayor Kuziboуev Erkaboy Mazamkulovich 2-oʻrinni, Guliston shahar IIB Faxriylar kengashi raisi isteʼfodagi mayor Djurabaуev Avazxon Sheropovich 3-oʻrinni qoʻlga kiritdilar.

Tashkil etilgan bu kabi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar har bir faxriy xodimni vataniga va xalqiga boʻlgan sadoqatini yanada mustahkamlab, “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burch” ekanligini his qilgan holda yosh avlodni Vatanga va burchga sadoqat ruhida tarbiyalashdagi nufuzini oshirishini taʼminlaydi.

Sirdaryo viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati.

 

Text to speech