25 Aprel 2022 yil 320

"Shoirni xotirlab..."

O‘zbek xalqining erka, samimiy, sohir satrlar sohibi bo‘lgan ardoqli shoiri Muhammad Yusuf agar hayot bo‘lganida bu yil 68 bahorni qarshi olgan bo‘lardi.

Muhammad Yusuf...Bu nomni eshitganimizda har birimizning qalbimizda bir sog‘inch, bir orziqish paydo bo‘ladi. Negaki har bir misralari qo‘shiqqa aylangan, xalqimiz qalbidan joy olgan bu buyuk shoirni ayni kunlarda, tavalludi munosabati bilan yod etib xotirlash biz muxlislarning burchimizdir. Joriy yilning    22 aprel kuni IIV Sirdaryo akademik litseyida “Maʼnaviyat oyligi” doirasida Sirdaryo tumani Madaniyat bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan "Shoirni xotirlab..." nomli adabiy-maʼrifiy tadbir ham o‘quvchilar maʼnaviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Tadbirni akademik litsey direktori mayor G'.J.Abdullayev shoir ijodiga bo‘lgan samimiy ehtirom so‘zlari bilan ochib berdi. Shundan so‘ng tadbirning badiiy qismiga navbat berildi. Tuman madaniyat bo‘limi “Yoshlik” ashula va raqs ansamblining xushovoz xonandasi Sherali Xudoyberdiyevning Muhammad Yusuf so‘zi bilan ijro etilgan "Biz baxtli bo‘lamiz" qo‘shig‘i davraga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.

Akademik litseyning faol o‘quvchilari tomonidan shoir qalamiga mansub goh mahzun, goh quvnoq, goh insonni o‘yga toldiruvchi dardchil satrlar kuylar hamohangligida ijro etildi.

Madaniyat uyining vakilasi ijrosidagi “Qizg‘aldog‘im” qo‘shig‘iga litsey o‘quvchisi Anvarbekova Mohinur tomonidan tayyorlangan raqs hammaning diliga shodlik bergan bo‘lsa, 204-guruhning aʼlochi o‘quvchisi Haydaraliyev Abdushukur yoddan aytgan "Osmonning oxiri" dostonining falsafiy mazmuni yig‘ilganlarni o‘yga toldirdi.

Shoir sheʼrlarida Abdulla Qodiriyning "O‘tgan kunlar" romani qahramonlari-Otabek, Kumush, Zaynabning dardli nolalari yangrashi ko‘pchilik kitobxonlarimiz maʼlum. Sahnada akademik litsey o‘quvchilarining Otabek, Kumush, Zaynab timsollarida paydo bo‘lishi, Muhammad Yusuf orqali o‘z dardlarini kuylashi yig‘ilganlarga juda ham manzur bo‘ldi.

Tadbir yakunida O‘zbekistonning mashhur xonandasi Sevara Nazarxon ijrosida "Adoying bo‘lgaymiz seni O‘zbekiston" qo‘shig‘ining kuylanishi, o‘quvchilarning barchasining qo‘shiqqa jo‘r bo‘lishi, ularning qalbida harbiy vatanparvarlik tuyg‘usini yana bir bora mustahkamladi. "Shoirni xotirlab" nomli adabiy-maʼrifiy tadbir akademik litsey o‘quvchilarida, o‘qituvchilarida, mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Text to speech