Respublika ishchi guruhi tomonidan Sirdaryo viloyatida o‘rganish ishlari olib borildi.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 27-mart kunidagi “Qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni Afv etish to‘g‘risida”gi tegishli farmoniga asosan Respublika bo‘yicha ko‘plab mahkumlar afv etilgan bo‘lib, shundan 11 nafari Sirdaryo viloyatida istiqomat qiluvchi shaxslarga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu Farmon ijrosini ta’minlash yuzasidan Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari general-mayor Davron Nazarmuxamedov boshchiligida viloyatda afv etilganlarni muammolarini hal etish, bandligini ta’minlash, ijtimoiy hayotga moslashtirish va ularni yakka tartibdagi tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha viloyat rahbarlari va mas’ul mutasaddi idora vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Afv etilganlarning muammolarini o‘rganish, sog‘ligini tiklash, ularning bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka yo‘naltirish bo‘yicha mas’ul xodimlarga tegishli ko‘rsatmalar berilib, ulardan kelib tushgan savollar va muammolar ijrosi to‘liq shaxsan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari tomonidan nazoratga olindi.
Ma’lumot
o‘rnida, Sirdaryo viloyati hududida istiqomat qiluvchi 11 nafar afv etilgan fuqarolarga
bir martalik moddiy yordam pullari olib berildi, 9 nafarini ish bilan ta’minlash,
1 nafarini o‘zini-o‘zi band qilish hamda yana 1 nafarini kasbiy ko‘nikmalar markaziga
o‘qishga joylashtirish choralari ko‘rildi. Bundan tashqari 4 nafariga fuqarolik pasportlari olishda
amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Shuningdek, bugungi kunda afv etilgan fuqarolarni
ijtimoiy hayotga moslashtirish, ish bilan ta’minlash, daromad manbaini yaratish
borasida tegishli chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari vazir o‘rinbosari vazirlik
va viloyat ichki ishlar boshqarmasiga biriktirilgan Mirzaobod tumanidagi 25-sonli
umumta’lim maktabida ham bo‘ldi. Tashrif doirasida ta’lim dargohida o‘quvchilarning
ta’lim olish uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud imkoniyatlar bilan tanishildi.
Shundan so‘ng vazir o‘rinbosari tomonidan ta’lim maskani o‘quvchilari uchun kitoblar
jamlanmasi hamda sport anjomlaridan iborat sovg‘alar topshirildi.
Shu bilan birgalikda vazir o‘rinbosari Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi Davolash profilaktika muassasalari Tibbiyot bo‘limida ham bo‘ldi. Bu yerda ichki ishlar organlari xodimlari va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar, profilaktik tadbirlar va zamonaviy tibbiyot texnologiyalardan foydalanish holati bilan tanishildi. Uchrashuv yakunida vazir o‘rinbosari tomonidan tibbiy xizmat samaradorligini oshirish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.