Respublika ishchi guruhi Guliston shahrida o‘rganishlarini davom ettirmoqda.
Avval xabar qilinganidek, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi ishchi gurning Prezidentning 03.01.2025 yildagi PQ-1-son qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlarni galdagi o‘rganishlari Guliston shahrida bo‘lib o‘tdi.
O‘rganishda, Guliston shahar “Shodlik” mahallasida ushbu qaror ijrosi bo‘yicha tashkil etilgan idoralararo muvofiqlashtiruv shtab faoliyati, “mahalla yettiligi” va “ijtimoiy profilaktika”ga masʼul bo‘lgan mutasaddilar tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar ko‘rib chiqildi.
Xususan, “Shodlik” mahallasida o‘rnatilgan 17 ta videokuzatuv kameralarining IIB hamda Milliy gvardiyaning bo‘linmalariga integratsiya qilinganligi, hududda yoritish chiroqlari hamda ko‘p qavatli uylarga elektron qulflar o‘rnatilganligi, “namunali xavfsiz yo‘lak” va “namunali xavfsiz ko‘cha”lar tashkil etilganligi shuningdek, mahalla hududiga o‘rnatilgan tashvish tugmasi asosida hozir bo‘ladigan “Tezkor harakatlanuvchi guruh” faoliyati ham o‘rganildi.
Joriy yilning 1-choragida hududda sodir etilgan 2 ta o‘g‘rilik jinoyatining aynan videokuzatuv kamerasi imkoniyatlaridan foydalanilgan holda fosh etilganligi alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, “Shodlik” mahallasida jinoyatchilikni jilovlash va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish borasida namunaviy o‘rnak ko‘rsatib, ijobiy natijalarga erishgan 3 nafar mahalla fidoyilari (nuroniy onaxonlar) hamda o‘z vazifalariga masʼuliyat bilan yondashgan 1 nafar profilaktika inspektorini rag‘batlantirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Ishchi guruhning o‘rganishlari davom etmoqda.