Prezident qarori ijrosi amalda
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev raisligida Sirdaryo viloyati prokurori S.Imatov, viloyat IIB boshlig‘i F.Xaydarovlar ishtirokida tergov sifatini yaxshilash bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash yuzasidan yosh mutaxassis xodimlar, tergovchilar va tergov tarmoqlari xodimlarining amaliy bilim ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda, viloyat prokuraturasi organlari, Departamentining viloyat boshqarmasi hamda IIB Tergov bo‘limi tergovchilari, Davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi taftishchilari, Soliq boshqarmasi auditlari, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi viloyat bo‘limi mutaxassislari hamda sud-tibbiy ekspertlari qatnashishdi.
Yig‘ilishda Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari tomonidan sohada tergov sifatini oshirish, yosh mutaxassislar va tergov tarmoqlari xodimlarining kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish, tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlarini olib borishda jinoyat protsessual-qonunchiligiga qatʼiy rioya qilinishi ko‘rsatib o‘tilib, yig‘ilish kun tartibiga qo‘yilgan masalalar bugungi kunda dolzarbligi, prokuratura, Departament va Ichki ishlar organlari tomonidan dastlabki tergov, surishtiruv va tergovga qadar tekshirish davomida hamon xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi, kelgusida ushbu holatlarni bartaraf etish va tergov sifatini yaxshilashga qaratilgan aniq manzilli chora tadbirlar belgilandi.
Tadbir o‘quv-amaliy seminar shaklida o‘tkazilib, unda transport vositalari harakati va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakatlarini o‘tkazish, bu borada dalillar to‘plash, tekshirish va baholashda ekspertiza o‘tkazish tartibi (ekspertiza tayinlash va o‘tkazish shart bo‘lgan holatlar, qo‘shimcha va qayta ekspertizalar o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari) hamda iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarni tergov qilishda “Taftish tayinlashning protsessual tartibi va o‘tkazish taktikasi” to‘g‘risida mutaxassislarning maʼruzalari tinglandi va tadbir ishtirokchilarning qizg‘in bahs va munozarali bilan yakunlandi.
Bu boradagi tadbirlar davom ettirilmoqda.