Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olish boʻyicha doimiy yashab turgan joydagi IIB M va FR xizmatlariga murojaat qilishingiz mumkinligini eslatib oʻtamiz.
Barchamizga maʼlumki, 2020-yilning 13-mart kuni “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Qonunining yangi tahriri qabul qilindi.
Mazkur qonunda, Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach kuchga kirishi, Qonunning 6 va 45-moddalari esa joriy yilning 1-aprelidan kuchga kirishi belgilab qoʻyildi.
Fuqarolik toʻgʻrisidagi qonunning 6-moddasida, ushbu qonun kuchga kirgunga qadar Oʻzbekiston Respublikasida fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi bilan yashab kelayotgan va chet davlat fuqaroligini olmagan, Respublikamiz hududida 1995-yilning 1-yanvarigacha doimiy roʻyxatdan oʻtgan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini tan olish tartibi amalga kiritilgan.
Maʼlumot uchun aytishimiz mumkinki, bugungi kunda Sirdaryo viloyati hududida 8000 nafardan ortiq fuqaroligi boʻlmagan shaxslar doimiy istiqomat qiladi. Shulardan, 3500 nafardan ortigʻi Respublikamiz hududiga 1995-yil 1-yanvariga qadar kirib kelgan va doimiy roʻyxatdan oʻtgan. Taʼkidlab oʻtilganidek, 3500 nafardan ortiq fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik pasportini olish uchun murojaat qilgan taqdirda ularga fuqarolik toʻgʻrisidagi yangi tahrirdagi qonunning 6-moddasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik pasportlari rasmiylashtirib berilishi lozim.
Joriy yilning 28-sentyabr kuniga qadar yuqoridagi toifadagi shaxslardan 845 nafari viloyatimizning shahar va tuman IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlariga murojaat qilgan boʻlib, ularning hujjatlari oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilib, yakuniy xulosa chiqarishlik uchun Respublika Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasiga yuborilgan. Shulardan bugungi kunga kelib, jami 370 nafariga ijobiy xulosa chiqarilgan va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti bilan hujjatlashtirilgan.
Hurmatli viloyatimizda istiqomat qiluvchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, Sizlarni Oʻzbekiston Respublikasining 13.03.2020-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi Qonunining
6 va 45-moddalariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olish boʻyicha doimiy yashab turgan joydagi IIB M va FR xizmatlariga murojaat qilishingiz mumkinligini eslatib oʻtamiz.
Eslatma tariqasida, “Fuqarolik toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi qonunning 6-moddasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olish uchun arizalarni koʻrib chiqish muddati 3 oy ekanligini maʼlum qilamiz.
Sirdaryo viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi