16 Oktyabr 2021 yil 499

Ona tili – millat ruhi. 21-oktyabr – Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun

Har bir millat boshqalardan oʻzining ona tili va urf-odatlari bilan farq qiladi. Milliy tilning yoʻq boʻlishi millatning yoʻq boʻlishi demakdir. Shu sababli ham mamlakatimizda oʻzbek tilining nufuzini koʻtarish masalasiga alohida ahamiyat beriladi. Xususan, Ichki ishlar vazirligining 2021-yil 18 sentabr kunidagi 199-sonli koʻrsatmasida ham tizimdagi tashkilotlar va taʼlim muassasalarida til bayramini munosib nishonlashga alohida eʼtibor qaratilgan. IIV Sirdaryo akademik litseyida millatimiz oʻzligining yaqqol ifodasi boʻlgan ona tilimizga davlat tili maqomi berilishining qonuniy asosi boʻlgan Davlat tili toʻgʻrisidagi Qonun qabul qilinganining 32 yilligiga bagʻishlab “Til bilimdonlari” intellektual viktorinasi tashkil etildi. Ushbu viktorina litsey oʻquvchilarining zukko va bilimdonliklarini yana bir bor sinovdan oʻtkazdi. Tadbirda Sirdaryo viloyati pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazi mutaxassislari, shoir va yozuvchilar, oʻqituvchilar ishtirok etib, oʻquvchilar bilimiga baho berdi. Bebaho qadriyatimiz boʻlgan ona tilimizning goʻzalligi, boyligi, ahamiyati haqida maʼlumotlar berildi. Oʻquvchilar ijrosidagi sheʼr va qoʻshiqlar kechaga oʻzgacha shukuh baxsh yetdi.
Tadbir yakunida faol qatnashgan ishtirokchilarga kitoblar jamlanmasi va esdalik sovgʻalari taqdim etildi.

Text to speech