6 Iyun 2022 yil 528

Olingan tezkor maʼlumot asosida giyohvandlik moddalari oldi-sottisi bilan shugʻullanuvchi shaxslar qoʻlga olindi.

Sirdaryo viloyati IIB, DXX Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat Bojxona boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan olingan tezkor maʼlumot asosida ismi shartli oʻzgartirilgan Toshkent shahrida yashovchi Dilshod Jiyanov giyohvandlik moddalari oldi-sottisi bilan shugʻullanayotganligi aniqlandi.

Aniqlangan maʼlumotlar asosida joriy yilning 25-may kuni Toshkent shahrida hamkorlikda oʻtkazilgan “Nazorat ostida olish” tezkor tadbir davomida Dilshod Jiyanovning jinoiy sherigi Toshkent shahrida yashovchi Bahodir Rajabov giyohvandlik moddasini sotish yuzasidan Mamarasul Xurramov bilan kelishuv boʻyicha Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani Musavvirlar koʻchasida uchrashib, uning boshqaruvida boʻlgan Neksiya-3 rusumli avtomashinasi salonida gashish giyohvandlik vositasini 1.800.000 soʻm pul evaziga sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan qoʻlga olindi. Tadbir davomida xaridor Mamarasul Xurramov xolislar ishtirokida shaxsiy tintuv qilinganda, undan rangsiz sellofan paketgacha joylashtirilgan, jigar rangli, oʻzidan oʻtkir hid taratuvchi, nazorat oʻlchovidan oʻtkazilganda 5 gramm ogʻirlikda boʻlgan gashish giyohvandlik vositasiga oʻxshash vosita hamda Bahodir Rajabov boshqaruvida boʻlgan Neksiya-3 rusumli avtomashina koʻzdan kechirilganda, avtomashina saloni ichidan jigar rangli, oʻzidan oʻtkir hid taratuvchi, nazorat oʻlchovidan oʻtkazilganda 0,99 gramm ogʻirlikda boʻlgan gashish giyohvandlik vositasiga oʻxshash vosita borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan tezkor surishtiruvlar davomida olingan maʼlumotlar asosida, tezkor tadbir davom ettirilib, giyohvandlik maddalari oldi-sottisi bilan shugʻullanib kelayotgan Dilshod Jiyanov dam olayotgan Toshkent viloyati Boʻstonliq tuman Yangi mahalla hududida joylashgan oilaviy mehmon uyida ushlanib, ushbu joy koʻzdan kechirilganda, qogʻoz boʻlagiga oʻralgan hamda 1 dona sigeratga joylashtirilgan marixuana giyohvandlik vositasiga oʻxshash vositalar ashyoviy dalil sifatida olinib hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida Dilshod Jiyanov va Bahodir Rajabovlar oʻz yashash xonadonlarida shisha idishlarga (bankacha) joylashtirilgan yashil rangli, oʻzidan oʻtkir hid taratuvchi, quruq holatdagi marixuana giyohvandlik vositalariga oʻxshash vositalarni xolislar ishtirokida ixtiyoriy taqdim etilgan.

Hozirda holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 273 moddasi 5 qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech