Yangiyer shahridagi “Abdurahmon Jome” mahallasini “qizil” toifadan chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
Davlatimiz rahbarining qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Sirdaryo viloyati prokurori hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Yangiyer shahrida joylashgan “Abdurahmon Jome” mahallasida bo‘lib, mahalla yettiligi va mutasaddi idoralar hamkorligida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
Ma’lumki, mazkur mahalla “qizil” toifadagi hududlar qatoriga kiritilgan. Shu bois mahallada ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy barqarorlikni ta’minlash, aholini qo‘llab-quvvatlash, turmush sharoitlarini yaxshilash hamda profilaktik ishlar samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, mahallani “qizil” toifadan chiqarish maqsadida bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Mahalladagi kriminogen vaziyatdan kelib chiqqan holda uyma-uy tartibida profilaktik suhbatlar o‘tkazilmoqda. Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi xodimlari hamda mahalla yettiligi ishtirokida targ‘ibot tadbirlari tashkil etilib, aholining huquqiy ongi va xabardorligi yuksaltirilmoqda.
Shuningdek, xonadonlar va tadbirkorlik subyektlarini qo‘riqlash pultiga ulash, mahalladagi ko‘chalarni kameralashtirish orqali jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli mazmunli o‘tkazish, profilaktik hisobda turuvchi shaxslar bilan individual ishlash hamda fuqarolarning o‘zaro hamkorligini kuchaytirish kabi samarali usullar ham jinoyatchilikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.